Vengriyada atoqli o'zbek olimi Mulla Sodiq xotirasi yodga olindi
Iyun 02, 2025. 11:52 • 2 daq
• 137
VELENSE, 2-iyun. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 30-may kuni Vengriyaning Feyer provinsiyasi Velense shahrida atoqli o'zbek olimi va sayyohi Mulla Is'hoq Ibrohim (Mulla Sodiq) xotirasiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xotira marosimida Vengriya Milliy Assambleyasi raisining o'rinbosari Shandor Lejak, O'zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov, Turkiy davlatlar tashkilotining Budapeshtdagi ofisi rahbari Balaj Xendrix hamda Velense shahri mutasaddilari va faol vatandoshlar qatnashdi.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, O'zbekiston Prezidentining 2025-yil 19-21-may kunlari Vengriyaga bo'lib o'tgan rasmiy tashrifi chog'ida ikki davlat o'rtasida kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlari o'rnatildi. O'zbekiston bilan Vengriya o'rtasidagi madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashayotgani strategik hamkorlik mustahkamlanib borayotganining amaliy isbotidir.
Mulla Sodiq xotira marosimiga bag'ishlangan tadbir ham mazkur vazifalar doirasida tashkil etildi.
Ishtirokchilar o'zbek sayyohi va olimi xotirasiga hurmat bajo keltirishdi va uning qabriga gul qo'ydilar. Mulla Sodiq Sharq ilmining atoqli namoyondasi bo'lib, ko'p yillar davomida mashhur venger sharqshunosi va sayyohi Arminiy Vamberi bilan yaqin hamkorlik qilgan. 1863-1864-yillarda Markaziy Osiyoga qilgan ekspeditsiyalarida Vamberi Xiva, Buxoro va Samarqandda bo'lib, mahalliy olimlar jumladan, Mulla Sodiq bilan chuqur aloqalar o'rnatdi.
Ular o'rtasidagi yaqin do'stlik munosabatlari mintaqa madaniyati va tilini o'rganishga ilmiy yondashuvning shakllanishida muhim rol o'ynadi. Mulla Sodiq va Vamberi o'rtasidagi hamkorlik ikki madaniyat o'rtasida nafaqat ilmiy, balki ma'naviy ko'prik bo'lib, o'zbek va venger xalqlari o'rtasidagi uzoq yillik do'stlik va o'zaro hamjihatlikka asos soldi. Mulla Sodiq mashhur venger olimi va sayohatchisi Arminiy Vamberi bilan uchrashish maqsadida Vengriyaga kelgan. Tarixdan ma'lumki, Mulla Is'hoq 1892-yil 22-may kuni Vengriyaning Feyer viloyati Velense shaharchasida vafot etgan.
Vengriyada Shandor Lejak tashabbusi va homiyligida Mulla Sodiq qabri va xotirasiga munosib hurmat ko'rsatib kelinmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi