Logo

Akramjon Neʼmatov: O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari dinamikasi pragmatizm, o‘zaro ishonch va aniq natijalarga qaratilgan saʼy-harakatlarni aks ettiradi

Yanvar 30, 2026. 19:27 • 6 daq

846
Akramjon Neʼmatov: O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari dinamikasi pragmatizm, o‘zaro ishonch va aniq natijalarga qaratilgan saʼy-harakatlarni aks ettiradi

TOSHKENT, 31-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov “Dunyo” AA muxbiriga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi: – O‘zbekiston rahbarining Turkiyaga 2026-yil 29-yanvarda yakunlangan rasmiy tashrifiga nafaqat ikki tomonlama siyosiy kun tartibining navbatdagi tadbiri, balki, eng avvalo, O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini institutsional mustahkamlashning muhim bosqichi sifatida qarash lozim. Tashrif yakunlari bir necha yil avval asosan fragmentar xarakterga ega bo‘lgan Toshkent va Anqara o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga - pragmatizm va o‘zaro manfaatga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ishonchli tarzda tasdiqladi. Munosabatlarning yangi sifatini shakllantirishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy rolini alohida taʼkidlash lozim. Uning proaktiv siyosati va strategik yondashuvi ikki tomonlama munosabatlarni tizimli darajaga ko‘tarishga imkon berdi. Bu darajada pragmatizm uzoq muddatli barqaror rivojlanishga yo‘naltirilganlik bilan uyg‘unlashib ketdi. Aynan Prezidentning tashabbuskorligi tufayli tashriflar va hamkorlik dasturlari muntazam, institutsional jihatdan mustahkamlangan xususiyat kasb etdi. Erishilgan kelishuvlar puxta rejalashtirish va aniq natijalar bilan amalga oshirila boshlandi. Bu esa mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamladi hamda iqtisodiy, gumanitar va texnologik aloqalar uchun mustahkam poydevor yaratdi. Xususan, tashrifning tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar hamda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishini o‘z ichiga olgan bu galgi dasturi ham siyosiy ishonchning yuksak darajasi va ikki tomonlama muloqotning yetukligini namoyish etdi. Ilgari bunday uchrashuvlar vaqti-vaqti bilan o‘tkazilgan bo‘lsa, bugungi kunda Strategik hamkorlik kengashi qarorlar izchilligini taʼminlash va ularning ijrosini nazorat qilish orqali muntazam faoliyat yuritmoqda. Asosiy tadbirlarning muborak Ramazon oyi arafasida hamda Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning 30 yilligi oldidan o‘tkazilgani ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, bu sheriklikning qadriyatlar va tarixiy asosini yana bir bor namoyon etadi.

O‘zbekiston - Turkiya hamkorligi bugungi kunda o‘zaro yondashuvlarning konstruktivligi va pragmatikligi bilan ajralib turishi, umumiy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan sheriklikning ochiq modeli sifatida qurilayotgani prinsipial ahamiyatga ega. Bu tashqi siyosat, mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralari yo‘nalishi bo‘yicha muvofiqlashtirishni birlashtirgan “4+4” formatining yakuniy ko‘rinishida o‘z aksini topdi. Avvalgi muloqot mexanizmlaridan farqli o‘laroq, ushbu format amaliy xususiyatga ega bo‘lib, kibertahdidlar, transchegaraviy jinoyatchilik va boshqa noanʼanaviy xavf-xatarlarga tizimli ravishda javob berish imkonini beradi. Hamkorlikning iqtisodiy jihati barqaror ijobiy o‘sishni va yuqori darajadagi o‘zaro to‘ldiruvchanlikni namoyish etmoqda. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki baravardan ortiq ko‘paydi va 2025-yil yakunlariga ko‘ra 3 milliard dollarga yetdi, vaholanki, o‘n yillikning boshida bu ko‘rsatkich 1,5 milliard dollardan oshmagan edi. Turkiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ham sezilarli darajada oshdi: agar ilgari ularning soni yuzlab bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda O‘zbekistonda 2100 dan ortiq shunday kompaniyalar faoliyat yuritmoqda, bu esa biznesga bo‘lgan ishonchning ortib borayotgani va strategik sheriklikning mustahkam moddiy asosi shakllanayotganidan dalolat beradi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni, shu jumladan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasidagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish orqali hamkorlikni yana-da ilgari surish zarurligi taʼkidlandi. Tashrifga tayyorgarlik doirasida sanoat kooperatsiyasining alohida dastur asosida amalga oshiriladigan yangi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Hamkorlikning asosan savdo va qurilishga yo‘naltirilgan avvalgi bosqichlari bilan taqqoslaganda, hozirgi bosqichda qo‘shma ishlab chiqarish, mahalliylashtirish va eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarga urg‘u berildi. Turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, tarixiy filmlarni birgalikda suratga olish va madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, erishilgan kelishuvlar bevosita O‘zbekiston milliy taraqqiyotining strukturaviy vazifalarini hal etishga qaratilgan. O‘rta koridorni rivojlantirish va tegishli protokolda qayd etilgan transport va tranzit sohasidagi hamkorlik mamlakatning geografik jihatdan yopiqligini bartaraf etish va tashqi logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan. Anʼanaviy yo‘nalishlar bilan taqqoslaganda, ushbu yechimlar yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va yetkazib berish zanjirlarining barqarorligini oshirish imkonini beradi. Sanoat kooperatsiyasi, maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish, qo‘shma klasterlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar iqtisodiyotning xomashyoga yo‘naltirilganligini kamaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Texnologik kompetensiyalar, shu jumladan yadroviy xavfsizlik va raqamlashtirish masalalari transferiga texnologik qaramlik emas, balki suveren modernizatsiya elementi sifatida qarash kerak. Hamkorlikni mintaqaviy miqyosga ko‘tarish prinsipial jihatdan yangi bosqich bo‘ldi. O‘zbekistonning barcha viloyatlari delegatsiyalarining Turkiyaga tashriflarini tashkil etish niyati o‘zaro hamkorlikning markazlashgan modelidan yana-da moslashuvchan, markazlashmagan sheriklik arxitekturasiga o‘tishni aks ettiradi. Ilgari hududlararo aloqalar cheklangan xususiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan Amaliy chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida barqaror sheriklikni shakllantirish, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va “joylarda” tashabbuslar portfelini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy qilish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Harbiy-texnik hamkorlik sohasi alohida eʼtiborga loyiqdir. Oldingi yillarda o‘zaro hamkorlik faqat maslahatlashuvlar bilan cheklangan bo‘lsa, hozirda imzolangan kelishuvlar harbiy meditsina, kadrlar tayyorlash, kuzatuv tizimlari va uchuvchisiz texnologiyalarni joriy etish sohalarida yana-da chuqur hamkorlikni nazarda tutadi. Ushbu hamkorlik faqat mudofaa xususiyatiga ega bo‘lib, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining kasbiy mahorati va texnik jihozlanish darajasini oshirishga qaratilgan. Bu esa milliy mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga samarali hissa qo‘shadi. O‘zbekiston - Turkiya hamkorligining gumanitar yo‘nalishi munosabatlarga qo‘shimcha mazmun va barqarorlik bag‘ishlamoqda.

2026-2027-yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik rejasini amalga oshirish, Buxoroda to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazish bo‘yicha kelishuv, shuningdek, taʼlim sohasidagi qo‘shma loyihalar o‘zaro hamkorlikning uzoq muddatli asosini shakllantiradi. O‘zbekistonning zilziladan zarar ko‘rgan Xatay viloyatini tiklashdagi ishtiroki, “O‘zbekiston” turar joy majmuasi va umumtaʼlim maktabi qurilishi amaliy hamjihatlikning yorqin namunasi bo‘ldi. O‘zbekistonning xorijdagi birinchi taʼlim muassasasi - Istanbul shahrining Bekirko‘y tumanida o‘zbek maktabi qurilishi boshlangani ham ramziy maʼnoga ega bo‘lib, bu hamkorlikning gumanitar jihati va diaspora bilan ishlashga bo‘lgan strategik eʼtiborni aks ettiradi.

Umuman olganda, Turkiyaga tashrif O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari pragmatik, jadal va o‘zaro masʼuliyatli hamkorlik sifatida rivojlanib borayotganini tasdiqladi. Ikki tomonlama aloqalarning avvalgi bosqichlariga nisbatan hozirgi shakli institutsional barqarorlik, iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikning kengayishi, gumanitar aloqalarning chuqurlashuvi bilan ajralib turadi. Erishilgan kelishuvlar transport va texnologik cheklovlarni bartaraf etish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va umumiy xavfsizlikni taʼminlash uchun qo‘shimcha vositalarni shakllantirib, o‘zgaruvchan global sharoitda O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini yana-da kengaytirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish