Logo

13–15-may kunlari Buxoro shahrida II Osiyo ayollar forumi bo‘lib o‘tadi

Aprel 03, 2026. 15:55 • 2 daq

17
13–15-may kunlari Buxoro shahrida II Osiyo ayollar forumi bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senatida II Osiyo xotin-qizlar forumini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi xabariga ko‘ra, yig‘ilishni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yig‘ilishda Tashkiliy qo‘mita aʼzolari, senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida (2025-yil 23–29-sentyabr) Osiyo xotin-qizlari forumini doimiy platformaga aylantirish taklifi ilgari surilgan edi.

Shu maqsadda mazkur anjumanni “BMT–ayollar” tuzilmasi va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) bilan birgalikda joriy yil 13–15-may kunlari Buxoro shahrida o‘tkazish belgilandi.

Forum doirasida mintaqa xotin-qizlarining siyosat, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash va taʼlim, ijtimoiy himoya, iqlim, ekologiya va boshqaruv sohalaridagi huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama etiladi. Bu boradagi global va mintaqaviy hamkorlik yanada mustahkamlanadi va o‘zaro tajriba almashiladi.

Forum orqali davlatimiz rahbari boshchiligida O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar, bandlik, tadbirkorlik, taʼlim va ijtimoiy himoya sohalarida yaratilgan shart-sharoitlar, obod mahallalar va farovon oilalar hayoti, turizm salohiyati hamda ilg‘or milliy tajriba xorijiy ishtirokchilarga yetkaziladi.

Shuningdek, BMTning Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Xavfsizlik Kengashining 1325-rezolyutsiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qoidalarini hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Yig‘ilish davomida tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy jihatlar, forum kun tartibi, uning mazmuni hamda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida forumni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha vazirlik va idoralar masʼullari oldida aniq vazifalar qo‘yildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish