Logo

O‘zbekistonning yashil taraqqiyot tashabbuslari turk OAV diqqat markazida

Aprel 03, 2026. 14:07 • 2 daq

3
O‘zbekistonning yashil taraqqiyot tashabbuslari turk OAV diqqat markazida

ISTANBUL, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) Xalqaro o‘rmonlar kuni munosabati bilan “Barqaror yashil taraqqiyot yo‘lidagi muloqot: umumiy kelajak uchun investitsiyalar” mavzusida xalqaro forum turk OAVlari diqqat markazida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forum O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘rmon agentligi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Xabarlarda Forumning maqsadi - yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘rmonlarni himoya qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va biologik xilma-xillikni saqlash ekani taʼkidlangan. O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, cho‘llanishning oldini olish va yangi o‘rmon maydonlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga urg‘u berilgan. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari tufayli bu sohada muhim qadamlar qo‘yilgani, bu saʼy-harakatlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga hissa qo‘shayotgani bildirilgan.

Turk OAVlari BMTning o‘rmonlar bo‘yicha forumi raisi Ismail Belenning fikrlarini ham keltirgan. Unga ko‘ra, bunday tadbirlar hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. O‘zbekistonning o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi ishlariga to‘xtalib o‘tgan I.Belen so‘nggi yillarda mamlakat bu sohada sezilarli yutuqlarga erishganini aytgan. U mintaqadagi qiyin tabiiy sharoitlarga qaramay, yangi o‘rmonlarni barpo etish va o‘rmonlarni boshqarish tadbirlari eʼtiborga sazovor ekanini taʼkidlagan.

I.Belenga ko‘ra, BMTning o‘rmonlar bo‘yicha forumi o‘rmon xo‘jaligi sohasida xalqaro siyosat platformasi sifatida muhim rol o‘ynaydi va uning doirasida mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashishni kuchaytirish muhim. O‘zbekistondagi o‘rmonchilik ishlari bo‘yicha I.Belen O‘zbekistonda o‘rmon maydonlarini kengaytirish uchun jiddiy saʼy-harakatlar qilinayotganini taʼkidlab, "O‘zbekiston yaqin kelajakda hozirgi 10 foizli o‘rmon maydonini 12 foizga, keyin esa 20 foizga yetkazishni maqsad qilgan. 35 yillik o‘rmonchi sifatida men ularning muvaffaqiyatga erishishiga ishonaman" degan. I.Belen O‘zbekiston yiliga 200 million ko‘chat yetishtirishni maqsad qilganini taʼkidlab, hozirgi geografik sharoitlarni hisobga olgan holda bu juda ulug‘vor maqsad ekanligini taʼkidlagan.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish