Logo

Elchi Yuy Szyun: Xitoy va O'zbekiston milliy madaniyatni targ'ib qilishni qo'llab-quvvatlaydi hamda sivilizatsiyalararo almashinuvni faol rivojlantiradi

Iyun 13, 2024. 08:10 • 5 daq

295
Elchi Yuy Szyun: Xitoy va O'zbekiston milliy madaniyatni targ'ib qilishni qo'llab-quvvatlaydi hamda sivilizatsiyalararo almashinuvni faol rivojlantiradi

TOSHKENT, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. Xitoyning O'zbekistondagi elchisi Yuy Szyun "Dunyo" AA uchun intervyusida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 7 iyunda qabul qilingan "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyasining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi.

– BMT Bosh Assambleyasi Xitoy va O'zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan 10-iyun sanasini "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" deb e'lon qilish to'g'risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan ma'qulladi. Ushbu tashabbusning maqsadi sivilizatsiyalar xilma-xilligi qadriyatini anglash, muloqot, o'zaro hurmat va global birdamlikni rivojlantirishga qaratilgan. Sizningcha, ushbu rezolyutsiya BMTga a'zo davlatlar xalqlariga qanday foyda keltiradi?

– BMT tomonidan Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kunini belgilash to'g'risidagi rezolyutsiyasining qabul qilinishi tarixiy ahamiyatga ega. Unda qayd etilganidek, barcha sivilizatsiyalar yutuqlari insoniyatning umumiy merosini ifodalaydi. Rezolyutsiya madaniy xilma-xillikka hurmatni rag'batlantiradi va tinchlikni ta'minlash, umumiy taraqqiyotga ko'maklashish va barcha xalqlar farovonligini oshirish uchun sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot muhimligini ta'kidlaydi. U sivilizatsiyalar o'rtasida o'zaro hurmat va teng huquqli muloqotga, shuningdek, almashuvlarni mustahkamlashga hamda global muammolarni birgalikda yengishga chaqiradi.

Bugungi kunda dunyo turli inqiroz va sinovlar kuchayib borayotgan, tinchlik, taraqqiyot, ishonch va boshqaruv tanqisligi yuzaga kelgan yangi notinch o'zgarishlar davriga kirdi. Shu nuqtai nazardan, 2023 yilda Xitoy raisi Si Szinpin Global sivilizatsiya tashabbusini ilgari surdi, sivilizatsiyalar o'rtasidagi tenglik, o'zaro o'rganish, muloqot va inklyuzivlik tamoyillarining muhimligini ta'kidlab, begonalashuvni madaniy almashinuvlar, to'qnashuvlarni-o'zaro o'rganish, ustunlik hissini - inklyuzivlik bilan yengib o'tishga chaqirdi.

BMT Bosh Assambleyasining "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyasi Global sivilizatsiya tashabbusi mohiyatiga to'liq mos keladi va bizning xalqlar o'rtasidagi o'zaro almashinuv va butun insoniyat taraqqiyotiga ko'maklashishga bo'lgan umumiy intilishimizni aks ettiradi.

Xitoy ham, O'zbekiston ham qadimiy va ulug'vor sivilizatsiyalar vorislari hisoblanada. Buyuk ipak yo'li xalqlarimiz o'rtasidagi ikki ming yillik do'stlik guvohi bo'lib kelmoqda. Xitoy va O'zbekistonning rivojlanish konsepsiyalari o'xshash va yaqin madaniy aloqalarga ega. Ikkala tomon ham sivilizatsiyalarni himoya qilish va rivojlantirishga katta e'tibor qaratadi, milliy madaniyatni targ'ib etish tarafdori va sivilizatsiyalararo almashinuvni faol rivojlantirishga yordam beradi.

"O'zbekiston – 2030" strategiyasida o'zbek xalqining milliy qadriyatlari va ma'naviy merosini asrab-avaylash, keng targ'ib qilish hamda rivojlantirish maqsadida ma'naviy-madaniy sohada islohotlar o'tkazish vazifalari aniq ko'rsatilgan.

O'zbekiston Xitoyning Global sivilizatsiya tashabbusini qat'iy qo'llab-quvvatlaydi. E'tiborlisi, O'zbekiston Xitoyning taklifiga binoan "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyani ishlab chiqishda asosiy guruh a'zosi sifatida faol ishtirok etdi va rezolyutsiyaning qabul qilinishiga muhim hissa qo'shdi.

So'nggi yillarda davlatlarimiz yetakchilari diplomatiyasi rahnamoligida Xitoy-O'zbekiston munosabatlari yangi davrda har tomonlama keng qamrovli strategik sheriklikning tarixiy bosqichiga ko'tarildi. Va biz ikki davlat o'rtasidagi gumanitar almashinuvlarni yana-da chuqurlashtirish vaqti keldi.

Xitoy O'zbekiston bilan birgalikda ushbu rezolyutsiyani amalga oshirish, boy tarixiy va madaniy resurslarimizdan to'liq foydalanish, madaniy almashinuvlarni kengaytirish, arxeologiya va tarixiy obidalarni tiklash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, teletranslyatsiya sohasida hamkorlikni kuchaytirishga, tele- va kinofilmlar, adabiy asarlarni tarjima qilish, turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va odamlarning harakatiga ko'maklashishga tayyor. Shunda bizning go'zal madaniyatimiz xalqlar o'rtasidagi muloqot ko'prigiga aylanadi, shunda Xitoy va O'zbekiston o'rtasida umumiy hamjamiyatni yaratish yangi va yuqori darajaga ko'tariladi.

– Janob elchi, o'tgan 10 kun ichida BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan ikkita rezolyutsiyani qabul qildi va BMTning asosiy organlariga respublika vakillari saylandi. Ushbu muhim voqealar haqidagi fikrlaringiz ham biz uchun qiziq.

– Сўнгги йилларда Президент Шавкат Мирзиёев раҳнамолигида мамлакат миллий воқеликка мос равишда ўз тараққиёт йўлини танлаб, Янги Ўзбекистонни ишончли суръатлар билан барпо этаётир. Биз унинг янги қиёфасини, аҳоли турмуш даражасининг сезиларли даражада ошганини кўряпмиз.


Ўзбекистон очиқ, прагматик ва фаол ташқи сиёсат юритмоқда, турли мамлакатлар билан дўстона муносабатларни кенг ривожлантиряпти, чинакам кўп қирралиликка содиқдир. Республика БМТ, ШҲТ, "Хитой-Марказий Осиё" формати каби кўп томонлама тузилмаларда ҳам муҳим роль ўйнайди. Ўзбекистон, шунингдек, миллий ривожланиш стратегиясини "Бир макон, бир йўл" ташаббуси, БМТнинг барқарор ривожланиш кун тартибига мувофиқлаштиришга фаол кўмаклашмоқда, Марказий Осиёда яхши қўшничиликни сақлаш, тинчлик ва барқарорликни таъминлашга беқиёс ҳисса қўшмоқда.


Ўтган икки ҳафта давомида БМТ Инсон ҳуқуқлари қўмитаси, ХМТ Маъмурий кенгаши ва БМТ Иқтисодий ва ижтимоий кенгашига Ўзбекистон вакиллари сайланди.


Бундан ташқари, БМТ Бош Ассамблеяси томонидан "Марказий Осиё давлатларининг гиёҳвандлик билан боғлиқ муаммоларни самарали ҳал этиш ва бартараф этиш учун ягона фронт бўлиб ҳаракатланиш ва ҳамкорлик қилишга тайёрлиги" резолюциясини бир овоздан қабул қилинди. Ўзбекистон БМТ доирасида атроф-муҳитни муҳофаза қилиш ва иқлим ўзгаришига қарши курашиш бўйича янги ташаббусларни  ҳам фаол илгари сурмоқда.


Мазкур ютуқлар Ўзбекистоннинг халқаро мавқеи сезиларли даражада юксалиб бораётганидан далолат беради. Мамлакат глобал бошқарувда фаол иштирок этиб, умуминсоний қадриятларга қатъий амал қилган ҳолда, нафақат ўз тараққиётига эътибор қаратаётганини, балки тинчлик-осойишталик ва бутун инсоният умумий тараққиётини таъминлашга интилаётганини намойиш этмоқда.


Президент Шавкат Мирзиёев таъкидлаганидек: "Бугунги Ўзбекистон –кечаги Ўзбекистон эмас". Хитой қўшни ва ҳамкор сифатида республиканинг турли соҳаларда эришаётган ютуқларидан чин дилдан қувонади. Ишончим комилки, Президентингиз раҳнамолигида "Ўзбекистон – 2030" стратегиясида белгиланган мақсадларга албатта эришилади, мамлакатнинг қудрати ва таъсири янада юксалади.


Хитой Ўзбекистон билан биргаликда умумий ҳамжамиятини барпо этиш, глобал тараққиёт, глобал хавфсизлик ва глобал цивилизация ташаббусларини фаол амалга ошириш, дунё тинчлигига кўпроқ ҳисса қўшиш ва глобал тараққиёт учун кўпроқ имкониятлар яратиш учун ҳамкорлик қилишга тайёр.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish