Buxoro tumanida neft-kimyo klasteri kengaymoqda
Noyabr 03, 2026. 19:30 • 2 daq
• 74
TOSHKENT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Buxoro tumanidagi “Tekhnochem” korxonasida bo‘lib, neft-kimyo klasterining faoliyati va istiqbolli rejalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish mamlakatimiz sanoat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Buxoro tumanidagi klaster neft va gaz kondensati, nafta, metanol hamda piroliz distillyatini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Ushbu yo‘nalishdagi majmua respublikada yagona hisoblanadi.
Korxona 69 gektar maydonni egallagan. Bu yerda 500 nafarga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Majmuada yiliga 100 ming tonna piroliz distillyati, shuningdek, 160 ming tonna nafta va gaz kondensatini qayta ishlash quvvati mavjud. Bu yoqilg‘i bilan bir qatorda kimyo sanoati uchun zarur mahsulotlar olish imkonini beradi. Jumladan, oktanbuster benzin sifatini oshirishda, eritgichlar esa bo‘yoq, lak, yelim va maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llanadi.
Prezidentimizga klasterni kengaytirishning navbatdagi bosqichi to‘g‘risida axborot berildi.
2028-yil yakuniga qadar 292 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. U gaz kondensati va naftani qayta ishlash, aromatik uglevodorodlar hamda eritgichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Natijada yillik qayta ishlash quvvati qo‘shimcha 400 ming tonnaga oshishi va 700 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Yangi quvvatlar ishga tushishi bilan texnologlar, muhandislar, kimyogarlar va laboratoriya mutaxassislariga ehtiyoj ham ortadi. Davlatimiz rahbari shu munosabat bilan hududda kasbiy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratdi.
Korxona Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yiliga 180 ming tonnaga yaqin neft-kimyo mahsulotlari, avtobenzin va dizel yoqilg‘isini eksport qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, 2028–2030-yillarda 150 ming tonna suyultirilgan gazni qayta ishlash loyihasi yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Prezidentimiz klasterning eksport salohiyatini oshirish va yangi quvvatlar uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi