Logo

"Suyunchi" filmi Janubiy Koreyada o'tkazilgan xalqaro kinofestivalda "Eng yaxshi film" deb e'tirof etildi

Iyul 02, 2025. 13:27 • 2 daq

180
"Suyunchi" filmi Janubiy Koreyada o'tkazilgan xalqaro kinofestivalda "Eng yaxshi film" deb e'tirof etildi

SEUL, 2-iyul. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 26-28-iyun kunlari Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida ilk bor "Incheon International Folk Film Festival" kinofestivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Quvonarlisi, mazkur festivalda taniqli o'zbek kinorejissyori Melis Abzalov tomonidan suratga olingan mashhur "Suyunchi" filmi ham namoyish etildi va tanlovda "Eng yaxshi film" deb e'tirof etildi.

Festival doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan rejissyorlar o'z xalqlarining an'analari, urf-odatlari va boy madaniy merosini kino orqali namoyon etishdi. Shunday yuksak ma'naviy va badiiy maqsadlarga to'la mos bo'lgan "Suyunchi" filmi 40 dan ortiq davlat filmlari orasida, nafaqat hakamlar hay'atining e'tiborini qozondi, balki tomoshabinlar qalbini ham zabt etdi.

Filmda o'zbek xalqining qadimiy an'analari, oilaviy qadriyatlari va milliy urf-odatlari chuqur hamda ta'sirchan ravishda aks etgan. "Suyunchi" filmi nafaqat chiroyli hikoya va obrazlar orqali, balki xalq og'zaki ijodi va folklor elementlari bilan boyitilgan sahnalari orqali ham alohida e'tirofga loyiq ko'rildi.

Festival hakamlar hay'ati filmni "folklor va zamonaviy kinematografiyani mahorat bilan uyg'unlashtirgan, avlodlar o'rtasidagi bag'rikenglik va uzviylikni yurakdan tuyuntira olgan asar" deya ta'rifladi.

"Suyunchi" filmining xalqaro miqyosda e'tirof etilishi O'zbekiston kino san'ati uchun katta yutuq hisoblanadi, shuningdek, mamlakatimiz kinoustalarining ijodiy salohiyatining yana bir bor tan olinishidir. Shuningdek, bu g'alaba yurtimizning madaniy merosiga bo'lgan jahon kino jamoatchiligining qiziqishi ortib borayotganini ham namoyon etdi.

Tadbir doirasida O'zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimiz tarixi, madaniyati urf-odatlari, san'ati, sayyohlik salohiyati hamda ikki mamlakat o'rtasidagi do'stona aloqalarga bag'ishlangan yirik ko'rgazma ham tashkil etildi. O'zbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini aks ettiruvchi kitob va qo'llanmalar, milliy liboslar, hunarmandchilik, zardo'zdlik, yog'och o'ymakorligi, ipakchilik mahsulotlari va boshqa xalq amaliy san'ati namunalari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish