Logo

O'zbekiston folklor san'ati Ispaniyaning Ekstremadura avtonom hamjamiyatida taqdim etiladi

Iyul 15, 2025. 14:22 • 2 daq

77
O'zbekiston folklor san'ati Ispaniyaning Ekstremadura avtonom hamjamiyatida taqdim etiladi

EKSTREMADURA, 15-iyul. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 15-22-iyul kunlari Ispaniyaning Ekstremadura avtonom hamjamiyatida 44-Xalqaro folklor festivali bo'lib o'tadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Madaniy xilma-xillik va xalqlar o'rtasidagi do'stlik ramziga aylangan ushbu muhim tadbir dunyoning turli mamlakatlari, Portugaliya, va Ispaniyaning turli mintaqalaridagi guruhlarni birlashtiradi. "CadenaSer" portalida esa Tayvan, O'zbekiston va Irlandiya folklor guruhlari Ekstremaduradagi xalqaro festivalida ishtirok etishi haqidagi xabarni tarqatdi.

O'zbekiston nomidan mazkur festivalda "Sharq sadolari" folklor ansambli ishtirok etadi.

Haftalik davomida "Sharq sadolari" folklor ansambli nafaqat hudud poytaxti Badaxos shahrida, balki boshqa shaharlar, jumladan, San-Vitsente-de-Alkantara, Kastuera, Torreorgaz, Fuente-de-Kantos va Valdelakalzadada ham konsert beradi.

Festival konsertlar, paradlar, an'anaviy o'yinlar va mahorat darslari kabi qator tadbirlarni o'z ichiga oladi. Xususan, 16 iyul kuni Badaxos shahridagi San-Fransisko maydonida O'zbekiston vakillari xalq o'yinlariga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etadi. 17-iyul kuni esa "Sharq sadolari" ansambli barcha festival ishtirokchilari bilan birgalikda shahar ko'chalari bo'ylab o'tkaziladigan paradda qatnashadi.

Shuningdek, festival dasturidan Badaxos shahar hokimiyati oldidagi bosh maydonda konsert uyushtirilishi rejalashtirilgan.

Ekstremaduradagi festival har yili keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining e'tiborini tortadi. U nafaqat an'anaviy qo'shiq va raqslarni namoyish etadi, balki mamlakatlar o'rtasidagi madaniy muloqotni chuqurlashtirishga ham xizmat qiladi. Bu yilgi festivalda sakkizta xalqaro va milliy guruh vakillaridan iborat 240 ga yaqin ijodkor ishtirok etishi kutilmoqda.

O'zbekistonning bunday nufuzli madaniy tadbirda ishtirok etishi o'zbek madaniyati va san'atini xorijda targ'ib etishda muhim qadam bo'ldi.

Mazkur festivalda O'zbekiston vakillarining chiqishi o'zbek xalqining boy madaniy merosini, betakror san'atini, milliy liboslari va go'zal raqslarini namoyish etish uchun yorqin imkoniyatdir. Shuningdek, O'zbekiston va Ispaniya o'rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlaydi, madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish