Logo

Xitoyning Chunsin shahrida SHHTga a'zo davlatlar kinofestivali o'tkazildi

Iyul 10, 2025. 09:27 • 57 soniya

230
Xitoyning Chunsin shahrida SHHTga a'zo davlatlar kinofestivali o'tkazildi

CHUNSIN, 10-iyul. /"Dunyo" AA/. Xitoyning Chunsin shahrida SHHTga a'zo davlatlar kinofestivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Quvonarlisi, mazkur festivalda o'zbek rejissyori Ayub Shahobiddinovning "Bahorni quvib" filmi "Eng yaxshi aktrisa" nominatsiyasida g'olib deb topildi. Filmda bosh rolni taniqli aktrisa Ra'no Shodiyeva ijro etgan.

Shuningdek, kinofestival doirasida SHHTga a'zo davlatlarning kino sohasidagi hamkorligi masalalariga bag'ishlangan maxsus forum ham tashkil etildi.

Unda tashkilotga a'zo mamlakatlar kino sohasi rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi. Kino sohasidagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlash, birgalikda yangi ko-produksiya loyihalarini ishlab chiqish va bu hamkorlikni tizimli ravishda tashkil etish bo'yicha takliflar muhokama qilindi.

Forumda so'zga chiqqan O'zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, yig'ilganlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kinoloyihalar, qo'shma dasturlar, milliy kinochilik tajribasi va kelgusi rejalar haqida batafsil so'zlab berdi.

Bundan tashqari, anjuman ishtirokchilariga O'zbekiston va Xitoy hamkorligida ilk bor suratga olinishi rejalashtirilayotgan "Meni kutgin" nomli yangi xalqaro kinoloyiha haqida ham ma'lumot taqdim etildi.

Tadbir yakunida O'zbekiston tomoni qo'shma kinoloyihalarni yaratish va kelgusida SHHT makonida keng qamrovli hamkorlikni amalga oshirishga tayyorligini ta'kidladi.

 Bugun ushbu nufuzli festivalda sovrindor bo'lgan O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish