Jakartadan munosabat: Indoneziya xalqi O'zbekistonni muqaddas yurt deb biladi va Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish ularning orzusi
Iyul 08, 2025. 09:59 • 5 daq
• 166
JAKARTA, 8-iyul. /"Dunyo" AA/. Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universitetida "Movarounnahrdan Janubi-Sharqiy Osiyoga: hadis ilmlari va intellektual aloqalar" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Anjumanda Indoneziyaning Oliy ta'lim va Din ishlari vazirliklari rahbariyati, Ulamolar kengashi vakillari, din arboblari, islomshunos olimlar, soha mutaxassislari, talaba yoshlar va matbuot xodimlari hamda O'zbekiston Din ishlari qo'mitasi, Musulmonlar idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mas'ul xodimlaridan iborat ilmiy guruh qatnashdi.
Konferensiyada o'z ma'ruza qilgan indoneziyalik hadisshunoslar Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan ulkan hissasi, buyuk muhaddisning hayot yo'li va ilmiy-ma'naviy merosi haqida so'z yuritib, bugungi tahlikali va murakkab dunyoda uning ta'limotini keng targ'ib qilish davr talabi ekanligini alohida qayd etdilar.
Xorijiy tadqiqotchilar qadimiy manbalarga tayangan holda ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalar bir necha asrlar muqaddam o'rnatilganini ta'kidlab, Indoneziya orollarida islom dinining qaror topishida Movarounnahr, jumladan O'zbekiston diyoridan yetishib chiqqan ulamolar alohida o'rin tutishini e'tirof etishdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari so'nggi yillarda O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamizda tashkil etilgan ilm-ma'rifat markazlari haqida to'xtaldilar. O'zbekistonning turizm salohiyatiga oid ma'lumotlar alohida ta'kidlandi.
Konferensiya doirasida O'zbekistonda diniy-ma'rifiy mavzusida chop etilgan asarlar taqdimoti o'tkazildi. Shuningdek, "Imom Buxoriy yurtidan kelgan nur" mavzusida maxsus ko'rgazma tashkil etildi. Unda Imom Buxoriyning hadis to'plash yo'lidagi mehnati va ilmiy izlanishlarini aks ettiruvchi ma'lumotlar, Indoneziya birinchi Prezidenti Sukarnoning 1956 yilda O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifiga oid fotosuratlar, Indoneziyada islomning tarqalishi bilan bog'liq tarixiy hujjatlar namoyish etildi.
Konferensiya yakunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti o'rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tashrif doirasida O'zbekiston delegatsiyasi Indoneziya xalq manfaatlari va huquqlarini himoya qilish vaziri Muhaymin Iskandar, ekologiya vaziri o'rinbosari Dias Xendropriono, mamlakat Ulamolar kengashi bosh kotibi Amir Shoh Tambunan bilan uchrashuvlar o'tkazdi.
Dasturning yakuniy qismida yurtimiz delegatsiya a'zolari Bogor shahrida joylashgan Indoneziya Milliy Botanika bog'ida ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlik ramzi sifatida tashkil etilgan daraxt ekish marosimida qatnashdilar.
Asep Sayfuddin Johar, Sharif Hidoyatullo nomidagi Jakarta davlat islom universiteti rektori:
– Xalqlarimizni yagona din, o'xshash qadriyatlar, tarixiy va madaniy mushtaraklik birlashtirib turadi.
O'zbekiston hududi qadimdan dunyoning ilm-fan, ma'rifat va madaniyat markazlaridan biri hisoblanadi. Azaldan islom olamida yuksak nufuzga ega bo'lgan. Bu zaminda Imom Buxoriy, Ibn Sino, al-Xorazmiy, Imom Moturudiy kabi buyuk olim va donishmandlar dunyoga kelgan.
Indoneziyaga islom dini kirib kelib, mustahkam ildiz otishida Samarqand diyoridan yetishib chiqqan allomalarning o'rni beqiyos. Xususan Malik Ibrohim Samarqandiy shaxsiyati alohida e'tiborga molik. Bugungi kunda uning qabri moʻtabar ziyoratgohga aylangan bo'lib, Indoneziyadagi "Wali Songo" avliyolar silsilasining asoschisi sifatida qabul qilinadi. Uning nomini yana-da abadiylashtirish maqsadida Indoneziyaning Malang viloyatida Malik Ibrohim Samarqandiy nomidagi universitet ochilgan.
Universitetimizda tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiya mamlakatlarimiz o'rtasida ta'lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga, Imom Buxoriy merosini tadqiq etish va ommalashtirish bo'yicha qo'shma loyihalarni ishlab chiqishga hamda universitetlararo muloqot platformasini yaratishga qaratilgan.
Arskal Salim, Indoneziya Din ishlar vazirligi bosh direktori, Oliy ta'lim va tadqiqotlar markazi rahbari, professor
– Indoneziyada qadim Movarounnahr allomalari katta ehtirom bilan tilga olinadi. Ular islom ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo'shgan.
O'zbekiston deganda ko'z oldimizga G'arbda Avitsenna nomi bilan shuhrat qozongan, "Tib qonunlari" asarining muallifi Ibn Sino, algebra fanining asoschisi Al Xorazmiy, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy va boshqa ko'plab buyuk olimlar, ulamo va faylasuflar keladi. Indoneziya xalqi O'zbekistonni muqaddas yurt deb biladi. Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish har bir indoneziyalik musulmonning orzusi.
Nur Movarounnahrdan chiqqan. Ilm nuri o'sha hududdan tarqalgan. O'zbekiston dunyo islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shgan davlat sifatida e'tirof etiladi.
Eka Shanti Rofi, "Kalimantan post" gazetasi bosh muharriri:
– Imom Buxoriy ilmiy merosini targ'ib qilishni hayotimning bosh g'oyasi, mazmun-mohiyati deb bilaman. O'zbekiston islom ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo'shgan ko'plab buyuk zotlarni tarbiyalagan moʻtabar zamin. Bu yurtning har qarich yeri muqaddas, har go'shasi moʻtabar.
Yuzlab, hatto minglab ulamolarning aynan O'zbekistondan yetishib chiqishining siri nimada?" – degan savol meni uzoq yillardan beri o'ylantirib kelar edi. Yurtingizga tashrifim davomida bu jumboqning javobini topgandek bo'ldim. Alloh taolo aziz qilgan Vataningiz har qanday insonni o'ziga maftun etadi. Tanti va mehmondo'st o'zbek xalqini ta'riflashga til ojiz. Men O'zbekistonga tashrif buyursam, o'zimni xuddi ona Vatanimda yurgandek his etaman. O'zbekistonda ilm va ma'rifat nurini his qildim. Bu nur bugun butun dunyo, jumladan, Indoneziya uchun ham g'oyat muhim deb hisoblayman. O'zbekistondan biror mehmon Indoneziyaga tashrif buyursa, go'yoki Imom Buxoriylar, Moturidiylar, Termiziylarning ma'rifat nurini Vatanimga olib kelgandek bo'ladi. Indoneziya bu ma'rifat ziyosidan kuch oladi.
Mamlakatingiz ziyorat turizmi sohasida g'oyat ulkan salohiyatga ega. Bu imkoniyatni ishga solgan holda indoneziyalik sayyohlarning O'zbekistonga tashrifini uyushtirsak, ikki mamlakat uchun ham foydali bo'lar edi. Buxoro, Samarqand, Xiva kabi tarixiy shaharlarni ziyorat qilishni, umri islom ma'rifati yo'lida o'tgan buyuk allomalarning maqbaralarini borib ko'rishni har bir indoneziyalik orzu qiladi. Buning uchun esa bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishimiz darkor. Men bunga doim tayyorman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi