Logo

Toshkentda "O'zbekiston – Pokiston: mushtarak madaniy meros" fotoko'rgazmasi bo'lib o'tdi

Avgust 21, 2025. 14:36 • 2 daq

59
Toshkentda "O'zbekiston – Pokiston: mushtarak madaniy meros" fotoko'rgazmasi bo'lib o'tdi

TOSHKENT, 21-avgust. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 14-15-avgust kunlari Toshkent Fotosuratlar uyida "O'zbekiston-Pokiston: mushtarak madaniy meros" fotoko'rgazmasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Fotoko'rgazma mamlakatimizning Islomoboddagi elchixonasi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi va Pokiston Milliy san'at kengashi hamkorligida tashkil etildi.

Unda ikki mamlakat o'rtasidagi ko'p asrlik madaniy va ma'naviy aloqalarni yorituvchi noyob fotosuratlar – islomiy me'morchilik durdonalari, qo'lyozmalar, qadimiy shaharlar manzaralari va buyuk allomalar ilmiy merosini aks ettirgan suratlar namoyish etildi.

Tadbirning ochilish marosimi 14-avgust – Pokiston mustaqilligining 78 yilligi kunida o'tkazildi. Marosimda Pokiston elchisi Ahmed Faruq, O'zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, O'zbekiston Milliy axborot agentligi rahbariyati, madaniyat va san'at namoyondalari, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, mushtarak tarixiy va madaniy meroslarni, milliy qadriyatlarni targ'ib qilish, yoshlar orasida ularga qiziqishni oshirish ushbu tadbirning asosiy maqsadi sifatida belgilandi.

Pokiston elchisi Ahmed Faruq o'z nutqida mamlakatlarimiz o'rtasida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan mustahkam aloqalar mavjudligini, xalqlarimizni tarixiy va madaniy rishtalar bog'lab turishini ta'kidlab, urdu va o'zbek tillarida 4 mingga yaqin umumiy so'zlar borligi buning yaqqol namunasi ekanligini qayd etdi.

– Milliy liboslarimiz, arxitektura namunalari va qadriyatlarimizga nazar tashlasangiz, bu kabi o'xshashliklarga guvoh bo'lasiz, – dedi elchi Ahmed Faruq. – Bugungi anjuman nafaqat bizning umumiy tarixiy va madaniy merosimizni namoyon etmoqda, balki kelgusi avlodlar uchun ham ilhom manbai bo'lib xizmat qiladi. Masalan, Lahor qal'asi va Buxoro Arkini olaylik – ikkalasi ham me'morchilik san'atining yuksak namunalari, deyish mumkin. Ta'kidlaganimdek, mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalar chuqur ildizlarga ega va ushbu ko'rgazma munosabatlarimizning go'zal ifodasi bo'ldi.

O'zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur o'z nutqida quyidagi fikrlarni bildirdi: "Ushbu asarlarga qarab turib, ularning har birida katta me'mor, san'atkor, xalq amaliy san'ati namoyandalarining ma'naviy merosini ko'rish mumkin. Madaniy boyliklarimizdagi, me'moriy obidalarimizdagi o'xshashlikni ko'rib, san'at yo'nalishidagi hamkorligimiz uzoq tarixga borib taqalishini anglash mumkin. Boburiylar davrida esa madaniy aloqalarimiz yangi bosqichga ko'tarilgan. Bugungi ko'rgazma Pokistonni yanada yaxshiroq anglash, chuqurroq o'rganishga imkon beradi, so'nggi yillarda barcha jabhalarda jadallashgan munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi".

"O'zbekiston – Pokiston: mushtarak madaniy meros" fotoko'rgazmasi ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy hamkorlikning yana bir yorqin ifodasi bo'lib xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish