Rossiyaning "Birinchi kanal" telekanalining ommabop "G'ildirakdagi oshpazlar" dasturi ijodiy jamoasi O'zbekistonda
Sentabr 16, 2025. 19:25 • 57 soniya
• 151
MOSKVA, 16-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi va Turizm qo'mitasi hamkorligida 12-18-sentyabr kunlari Rossiyaning "Birinchi kanal" telekanalining ommabop "G'ildirakdagi oshpazlar" ("Povara na kolesax") ko'rsatuvi ijodiy jamoasining O'zbekistonga safari tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ko'rsatuv ijodiy guruhi suratga olish uchun O'zbekistonning gastronomik va sayyohlik salohiyatini Rossiyada keng targ'ib qilish, ushbu mamlakatdan kelayotgan sayyohlar sonini yana-da oshirish maqsadida Samarqand va Toshkent shaharlarining diqqatga sazovor joylari va sayyohlik maskanlarida bo'ldi.
Sayohat "Birinchi kanal" telekanalining "G'ildirakdagi oshpazlar" ko'rsatuvining mamlakatimizning gastronomik va sayyohlik jozibadorligi, boy madaniyati haqida maxsus sonini suratga olish bilan yakunlanadi.
Ko'rsatuv ijodkorlari mamlakatimiz hududlarining o'ziga xos oshxonasi va an'anaviy taomlarb bilan tanishadi, mahalliy bozorlarni ko'zdan kechiradi. Mahalliy gastromadaniyatdan ilhomlangan rus oshpazlari esa o'zlarining eng yaxshi taomlarini tayyorlaydilar.
Har bir dastur so'nggida Rossiyadan kelgan mashhur oshpazlar o'rtasida tanlov o'tkaziladi. Ular oziq-ovqat yuk mashinasini Samarqand va Toshkent shaharlarining diqqatga sazovor joylariga to'xtatib, o'zlari tanlagan mahalliy taomlardan birini tayyorlaydi. G'olib nomi mahalliy aholi o'rtasida o'tkaziladigan ovoz berish orqali tanlanadi.
Qayd etish joizki, "G'ildirakdagi oshpazlar" shousi rossiyalik tomoshabinlarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Ko'rsatuv tomoshabinlarning umumiy soni 18 million kishidan oshadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi