Logo

IFJ: 2025-yilda butun dunyo bo‘ylab 130 ga yaqin jurnalist halok bo‘ldi

Yanvar 03, 2026. 13:27 • 2 daq

299
IFJ: 2025-yilda butun dunyo bo‘ylab 130 ga yaqin jurnalist halok bo‘ldi

TOSHKENT, 3-yanvar. /“Dunyo” AA/. Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda dunyoda 128 nafar jurnalist, jumladan, 10 nafar ayol halok bo‘lgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Deutsche Welle” radiostansiyasi maʼlumotiga ko‘ra, ushbu statistikada baxtsiz hodisa natijasida to‘qqiz kishi halok bo‘lgani hisobga olingan. Taqqoslash uchun: 2024-yilda IFJ maʼlumotlariga ko‘ra, dunyoda 122 nafar jurnalist, jumladan, 14 nafar ayol halok bo‘lgan. “2024-yilga nisbatan o‘sish jurnalistlar uchun eng yuqori xavotir darajasini anglatadi”, - deya statistikani izohladi IFJ rahbari Entoni Bellanjer.

Tashkilot “hokimiyatning ommaviy axborot vositalari xodimlarini himoya qilishga qodir emasligini” qoraladi va “2026-yilda zo‘ravonlik va jazosizlik sikliga chek qo‘yish uchun zudlik bilan qatʼiy choralar ko‘rishga” chaqirdi.

IFJ maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda jurnalistlar va boshqa ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘ldirilishi bilan bog‘liq vaziyat Yaqin Sharq va arab tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda eng jiddiy bo‘lgan: bu mintaqaga 58 foiz holat to‘g‘ri keladi. Mualliflarning kuzatuvlariga ko‘ra, qurolli mojarolar hududlarida jurnalistlar eng katta xavfga duchor bo‘lishadi. Xususan, Yamanda 2025-yilda 13 nafar, Ukrainada 8 nafar, Sudanda 6 nafar jurnalist halok bo‘lgan.

1990 yilda ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘limi statistikasini yuritish boshlanganidan beri IFJ dunyo bo‘ylab jami 3173 jurnalist o‘limini qayd etdi. Shuningdek, IFJ 2025-yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 533 nafar jurnalist qamoqda saqlanayotgani haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi.

IFJning dunyo bo‘ylab o‘ldirilgan jurnalistlar soni statistikasi “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tomonidan tuzilgan shunga o‘xshash statistikadan farq qiladi. Ushbu NNT maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yilda dunyo bo‘ylab 67 nafar OAV xodimi o‘z vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan. YUNESKO hisob-kitoblariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 93 kishini tashkil etadi.

Rasm RTDNA saytidan olindi

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish