Logo

O'zbekiston milliy liboslari va hunarmandchilik mahsulotlari Fransiyada taqdim etildi

Iyul 07, 2025. 09:28 • 55 soniya

109
O'zbekiston milliy liboslari va hunarmandchilik mahsulotlari Fransiyada taqdim etildi

PARIJ, 7-iyul. /"Dunyo" AA/. Moda poytaxti Parij shahrida O'zbekistonning boy madaniy merosi, milliy liboslari va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

U mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi va O'zbekistonning Markaziy "MODI" – Osiyo dizaynerlari ittifoqi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning ochilish qismida so'zga chiqqan yurtimiz elchisi Nodir G'aniyev ishtirokchilarga mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va dunyo miqyosida targ'ib qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan muhim ishlar, shuningdek, Fransiya kabi yetakchi davlatlar bilan madaniy hamkorlikni yana-da kengaytirish yo'nalishidagi sa'y-harakatlar xususida so'zlab berdi.

 Shundan so'ng, o'zbekistonlik dizaynerlarning milliy liboslar defilesi bo'lib o'tdi. Unda "Salma Couture" brendi asoschisi Shaxzoda G'afurova, "Dfrauz" brendi asoschisi Dilafruz Nuriddinova hamda "Dilfuza dizayn" ishlab chiqarish korxonasi tomonidan milliy an'analar va zamonaviy moda uyg'unligini o'zida ifoda etgan "NISA" yorlig'i ostidagi liboslar kolleksiyasi taqdim etildi. Adras, atlas, zardo'zlik, ipak to'qimalari va jo'yali naqshlardan tashkil topgan liboslar parijliklar va sayyohlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Shuningdek, anjuman davomida tashkil etilgan O'zbekiston hunarmandlari tomonidan yaratilgan zardo'zlik, kashtachilik va kulolchilik mahsulotlari ko'rgazmasi yig'ilganlarda o'zgacha taassurot qoldirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish