Birlashgan Arab Amirliklarida o'zbek tilini o'rganish imkoniyati yaratiladi
Fevral 07, 2024. 17:00 • 2 daq
• 1438
DUBAY, 7-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston bosh konsuli Kamol Ikromov Birlashgan Arab Amirliklar Madaniyat vazirligining Dubaydagi boshqarmasi vakili Anvar G'olam Mohamad Abdulloh bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muhokama qilindi.

Muloqot davomida Birlashgan Arab Amirliklarida o'zbek madaniyati markazlarini ochish, birgalikda madaniy tadbirlar tashkil etish, shuningdek, o'zbek tilining xalqaro nufuzi va jozibadorligini oshirish masalalari ko'rib chiqildi.
Bosh konsul davlatimiz rahbari tomonidan milliy iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish va yuqori o'sish sur'atlarini ta'minlash bo'yicha olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar samaradorligi, O'zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirishga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish istiqbollari va yurtimizda o'tkazilayotgan madaniy-ma'rifiy anjumanlar hamda festivallar haqida batafsil aytib o'tdi.
O'zbekistonning turizm salohiyatini xorijiy mamlakatlarda, shu jumladan BAAda keng targ'ib qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Anvar G'olam Mohamad Abdulloh O'zbekistonda kechayotgan o'zgarishlarga yuqori baho berar ekan, mamlakatimiz erishayotgan yutuqlarni jahon hamjamiyati e'tirof etayotganini ta'kidladi. Uning aytishicha, O'zbekiston va BAA o'rtasidagi hamkorlik istiqbollari barcha sohalarda ulkan salohiyatga ega.
Suhbatdoshlar BAAdagi yirik kutubxonalar va ta'lim muassasalarida O'zbekiston bo'limlarini ochish va kelajakda o'zbek tilini o'qitish loyihasini yo'lga qo'yish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Bosh konsulxona tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarining ilmiy markazlari, universitet va yirik kutubxonalari ilmiy bazasini boyitish maqsadida o'zbek tilidagi adabiyotlar va o'quv qo'llanmalarini yetkazib berish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi