O‘zbekiston va Chexiya milliy malaka sertifikat va diplomlarini tan olish bo‘yicha muloqotlar boshlandi
Oktabr 07, 2026. 17:30 • 2 daq
• 8
PRAGA, 7-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Chexiyadagi elchixonasi tomonidan ikki mamlakat o‘rtasida milliy malaka sertifikat va diplomlarni tan olish masalalariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Chexiyaning tegishli idora va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Ular O‘zbekistonda berilgan milliy kasbiy malaka sertifikatlari va diplomlarni Chexiyada tan olish masalalarini muhokama qildi.
Muloqot davomida asosiy e’tibor me’morlar va qurilish muhandislarining kasbiy malakasini tan olish, ularning Chexiyada professional faoliyat yuritishi uchun belgilangan talablar va mavjud tartib-taomillarga qaratildi.
O‘zbekiston tomonidan elchixona va konsullik bo‘limi vakillari, O‘zbekiston Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti direktori Anvar Allabergenov hamda soha mutaxassislari o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Chexiya tomonidan Mintaqaviy rivojlanish vazirligi, Arxitektorlar palatasi (ČKA) hamda Qurilish sohasidagi vakolatli muhandislar va texniklar palatasi (ČKAIT) vakillari o‘z fikrlarini bayon etdi.
Muloqot davomida Chexiyada kasbiy kvalifikatsiyalarni tan olish tizimining o‘ziga xos jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. Chexiyalik mutaxassislarning ma’lum qilishicha, mamlakatda barcha kasblar uchun yagona markazlashtirilgan vakolatli idora mavjud emas.
Qurilish sohasidagi ayrim tartibga solinadigan kasblar bo‘yicha vakolatlar tegishli professional palatalarga berilgan. Boshqa kasblar bo‘yicha diplom va kvalifikatsiyalarni tan olish masalalari esa tegishli davlat organlari bilan alohida ko‘rib chiqiladi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Chexiyada qo‘llaniladigan malaka sertifikatlari, ularning darajasi, mazmuni va talablarini taqqoslama tahlil qilish bo‘yicha material tayyorlashga kelishildi. Mazkur tahliliy material kelgusida aniq kasbiy malakalarni Chexiyada tan olish bo‘yicha amaliy muzokaralarni davom ettirish uchun asos bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi