Logo

Vashingtonda taniqli amerikalik olimaning "O'zbekiston ayollar raqsi an'analari" kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi

Mart 15, 2024. 12:21 • 2 daq

98
Vashingtonda taniqli amerikalik olimaning "O'zbekiston ayollar raqsi an'analari" kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi

VASHINGTON, 15-mart. /"Dunyo" AA/. AQSh poytaxtidagi nufuzli "Arts Club of Washington" klubida O'zbekiston milliy raqs san'atiga bag'ishlangan "O'zbekiston ayollar raqsi an'analari" kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston ayollar raqsi an'analari" kitobi "Silk Road Dance", kompaniyasi direktori, amerikalik taniqli xoreograf, san'atshunos olima Laurel Grey tomonidan yozilgan.

Tadbirda AQShning taniqli san'at vakillari, olimlar, san'atshunoslar, rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Taqdimot avvalida "Silk Road Dance" raqs guruhi a'zolari ijrosida "Doirangni chal", "Lazgi", "Janon bo'laman" kabi o'zbek milliy raqslari taqdim etildi. Qayd etish kerakki, ishtirokchilar o'zbek milliy raqslarining nafisligi va go'zalligidan chinakam zavq olishdi.

Kitob muallifi Laurel Grey o'z nutqida G'arb O'zbekistonning nafaqat qadimiy Ipak yo'li tarixini o'zida mujassam etgani, balki ayollarning sirli intilishlarini aks ettiruvchi nafis raqs an'analari haqida yetarlicha ma'lumotga ega emasligini alohida ta'kidladi. Uning aytishicha, ushbu kitob o'zbek raqs san'ati tarixining xronologik ko'rinishi bo'lib, unda o'zbek milliy raqslarining mazmun-mohiyati batafsil tahlil qilingan.

Taqdimot qatnashchilari, shuningdek, ushbu kitob O'zbekistonning boy madaniy merosini yanada chuqurroq anglash va uni jahon miqyosida ommalashtirishga hamda asrab-avaylashga xizmat qilishini ta'kidladilar.

Laurel Grey butun umrini Ipak yo'li mamlakatlari raqslarini o'rganishga bag'ishlagan olima sanaladi. U 1984-yilda O'zbekiston raqs va madaniyati jamiyatiga, 1994-yilda esa har yili o'tkaziladigan "Markaziy Osiyo raqs lageriga" asos solgan. Grey xonim "Eng yaxshi xoreografiya" (2003) va "Eng yaxshi etnik raqqosa" (1999) nominatsiyasi uchun xalqaro mukofotga sazovor bo'lgan.

Laurel Grey tomonidan asos solingan "Silk Road Dance" kompaniyasi xalqaro madaniy festival va tadbirlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. "Markaziy Osiyo raqs lageri" amerikaliklarga an'anaviy o'zbek, tojik, uyg'ur, afg'on va fors raqslarini o'rganish imkonini beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish