Logo

Buyuk Britaniya poytaxtida "O'zbekiston madaniyati va milliy taomlari" festivali bo'lib o'tdi

Iyun 24, 2025. 12:42 • 2 daq

530
Buyuk Britaniya poytaxtida "O'zbekiston madaniyati va milliy taomlari" festivali bo'lib o'tdi

LONDON, 24-iyun. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 21-22-iyun kunlari London shahridagi eng mashhur manzillardan biri – "Tauer bridj" yonidagi xiyobonda "O'zbekiston madaniyati va milliy taomlari" festivali o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Festival O'zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosini Buyuk Britaniyada keng targ'ib qilish maqsadida O'zbekiston elchixonasi, Turizm qo'mitasi, Madaniyat vazirligi, "Uzbekistan Airways" AJ hamda London shahridagi o'zbek diasporasi va faol vatandosh tomonidan tashkil etildi.

Madaniy tadbirda O'zbekistondan kelgan 100 dan ortiq taniqli san'atkor ustalari, hunarmandlar va oshpazlar ishtirok etishdi.

Anjuman davomida o'zbek milliy liboslari, mashhur o'zbek ipak matolari va o'ymakorlik san'ati namunalari namoyish etildi. Shuningdek, O'zbekistondan maxsus keltirilgan qozonda 2,5 tonna palov pishirildi.

E'tiborlisi, festivalda 35 mingdan ziyod mehmonlar, shu jumladan Britaniyaning hukumat, parlament, ishbilarmon, akademik, madaniyat, OAV, diplomatik korpus, diaspora vakillari va xorijiy sayyohlar qatnashdi.

O'zbek xalqining boy madaniy va tarixiy merosi, respublikaning turizm salohiyati va Yangi O'zbekistonning taraqqiyot yo'li haqidagi ma'lumotlar turli chiqishlar va taqdimotlar orqali xorijiy mehmonlarga yetkazildi.

Festival tafsilolari milliy va xorijiy OAVda katta qiziqish uyg'otdi va keng yoritildi.

Eslatib o'tamiz, mazkur festival arafasida 5-17-iyun kunlari Angliya, Uels va Shotlandiyaning bir qator shaharlari bo'ylab mashhur shef-povar Baxriddin Chustiy boshchiligidagi "O'zbekiston karvoni" madaniyat va taomlari safari bo'lib o'tdi. Shuningdek, 5-25-iyun kunlari Londonning markaziy ko'chalaridagi 10 dan ortiq yo'nalishlardagi ikki qavatli avtobuslarda "Welcome to Uzbekistan" mavzusida reklamalar joylashtirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish