Logo

Varshava shahrida O'zbekiston tarixiga oid noyob kolleksiya namoyish etildi

Iyul 18, 2025. 14:58 • 55 soniya

104
Varshava shahrida O'zbekiston tarixiga oid noyob kolleksiya namoyish etildi

VARSHAVA, 18-iyul. /"Dunyo" AA/. Polsha poytaxtidagi "Kruzganek" jamg'armasi galereyasida O'zbekistonning tarixiy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan madaniy tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan polshalik jurnalist va tarixchi Igor Stroyeskiy bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda Polsha ommaviy axborot vositalari, san'at namoyondalari va ta'lim sohasi vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda so'zga chiqqanlar O'zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, tarixi, boy madaniyati va an'analari hamda turizm salohiyati haqida so'zlab berdilar.

Tadbir doirasida Igor Stroyeskiy tomonidan fotoko'rgazma tashkil etildi. Unda XIX asr oxirida Turkistonda yashagan sayohatchi, tadqiqotchi va fotograf Leon Barщyevskiyning noyob arxiv suratlarni namoyish etildi.

Ko'rgazmada taqdim etilgan o'zbek xalqining an'ana va urf-odatlarini aks ettiruvchi noyob fotosuratlar hamda hunarmandchilik buyumlari mehmonlarga katta taassurot qoldirdi.

Eslatib o'tamiz, 1876-yildan boshlab 21 yil davomida Samarqandda yashagan Leon Barщyevskiy avlodlarga boy meros qoldirdi. Jumladan, o'sha davrda O'zbekistonda bo'lib o'tgan tarixiy voqealar, xalqimiz madaniyati va kundalik hayotini aks ettiruvchi uch mingdan ortiq suratlar bizgacha yetib kelgan.

Tadbirning madaniy qismida ijro etilgan o'zbek milliy kuy va qo'shiqlar polshaliklarga xushkayfiyat ulashdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish