Ozodlik, milliy birligimiz ramzi – O'zbekiston Davlat madhiyasi Yaponiyada tarannum etilmoqda
Mart 05, 2025. 12:28 • 3 daq
• 1096
TOKIO, 5-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Yaponiyaning "Ring of National Anthem" jamiyati bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yaratilish tarixi, mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda "Ring of National Anthem" jamiyati a'zolari, Kanto mintaqasida istiqomat qilayotgan madaniy va ishbilarmon doira vakillari hamda oliy, yuqori va o'rta-maxsus ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov kirish so'zida, O'zbekiston Davlat madhiyasining mohiyati va milliy birdamlikni saqlashdagi muhim o'rni, unda xalqimizning ezgu orzu-umidlari va kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalanganligini ta'kidladi.
Shuningdek, Yaponiyada ham O'zbekiston davlat madhiyasi ixlosmandlari tobora ortib borayotganligi, xususan, elchixona tomonidan tashkil qilinayotgan ko'plab madaniy tadbirlarda davlatimiz madhiyamiz yapon milliy musiqa asboblari ko'magida, yapon soprano ijrochilari tomonidan kuylangani, Tokio va Mayzuru shaharlaridagi umumta'lim maktablarining xor jamoalari tomonidan ijro etilayotgani e'tirof etildi. Shuningdek, O'zbekiston madhiyasi sadolari Yaponiyada o'tkazil yirik sport tadbirlari, xususan "Tokio-2020" yozgi Olimpiya o'yinlarida bir necha marotaba yangragani qayd etildi.
"Ring of National Anthem" jamiyati raisi Asami Ryota o'z nutqida O'zbekiston madhiyasining musiqasi nafisligi va qalblarni junbishga solish xususiyati bilan ajralib turishini aytib o'tdi. "O'zbekiston madhiyasida buyuk o'tmish, milliy an'ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg'ular tarannum etilgan", dedi u.
Yig'ilganlarga Davlat madhiyasining muallifi O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo'lib, musiqasini O'zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov yaratgani haqida so'zlab berildi.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, tadbir doirasida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan "Ring of National Anthem" jamiyati bilan birgalikda 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to'g'risida"gi qonun va madhiyamiz matni yapon tiliga tarjima qilinib, jamiyat veb-saytiga joylashtirildi.
Madaniy tadbirning eng hayajonli nuqtasi O'zbekiston Davlat madhiyasining barcha ishtirokchilar tomonidan birgalikda ijro etilgani bo'ldi.
"Bugungi tadbirda ishtirok etib, yurtingizning nafis va betakror madhiyasini kuylash sharafiga muyassar bo'lganimdan juda xursandman, – tadbir ishtirokchilardan biri Fujivara Asue. – Ikki yil avval O'zbekistonga sayohat qilgan edim. Yurtingizning boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va go'zal tabiati menda katta taassurot qoldirgan. O'zbek milliy kiyimlari va ulardagi ranglarni shunchaki hayratlanarli. Garderobimda juda ko'p o'zbek milliy liboslari bor. Ularni O'zbekistonga borgan paytimda sotib olganman. Yaqin kelajakda oilam bilan O'zbekistonga yana bir bor safar qilishni rejalashtiryapman".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi