Logo

YUNESKO shtab-kvartirasida "Ipak yo'li yoshlar nigohida" fotoko'rgazmasi bo'lib o'tmoqda

Iyun 19, 2025. 10:16 • 2 daq

534
YUNESKO shtab-kvartirasida "Ipak yo'li yoshlar nigohida" fotoko'rgazmasi bo'lib o'tmoqda

PARIJ , 19-iyun. /"Dunyo" AA/. YUNESKO shtab-kvartirasida "Ipak yo'li" dasturi doirasida "Ipak yo'li yoshlar nigohida" mavzusida fotoko'rgazma tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu fotoko'rgazmada Buyuk ipak yo'li o'tgan hududlarda yashovchi yoki sayohat qilgan 25 yoshgacha bo'lgan yoshlarning 150 ga yaqin eng sara ishlari namoyish etilmoqda.

Tanlovdan o'rin olgan eng yaxshi 60 ga yaqin suratlar "Ipak yo'li yoshlari obyektivi" nomli fotoalbomga kiritilgan bo'lib, ular butun dunyo bo'ylab ko'rgazmalarda namoyish etiladi.

Joriy yilning 20 iyuliga qadar davom etadigan ko'rgazmada O'zbekiston madaniyati, an'analari va urf-odatlarini aks ettirgan vatandoshlarimiz hamda xorijiy yosh fotograflarning yurtimizga oid ishlari ham taqdim etilgan.

Xususan, YUNESKO Kotibiyati binosining kiraverish qismi Kamila Yadgarova, Xikmatulla Olimboyev, Bexzod Boltayev, Adel Hikmatova, Saboxat Baxtiyorova, Shoxnajot Abdukasimov, Nadira Jo'rayeva, shuningdek, Andrea Van Aker va boshqalar tomonidan suratga olingan ishlar bilan bezatildi. Jamoatchilik e'tiboriga taqdim etilgan mazkur suratlarda O'zbekistonning boy moddiy va nomoddiy merosi, o'zbek xalqining turmush tarzi, an'analari hamda noyob me'moriy-tarixiy yodgorliklari muhrlangan.

Ko'rgazmada namoyish etilayotgan suratlar keng jamoatchilik, shahar aholisi va mehmonlari, shuningdek, xalqaro hamjamiyat va diplomatik korpus vakillarining e'tiborini tortmoqda.

YUNESKOning "Ipak yo'li" dasturi quruqlik va dengiz yo'llari tarmog'i bilan bog'liq tarixni o'rganish, tadqiqotlar va bilimlarni rivojlantirishga ko'maklashadi. Ushbu tashabbus madaniy merosni asrab-avaylash va Ipak yo'lida madaniy hamkorlikni davom ettirishga qaratilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish