Logo

Islomobodda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi

Dekabr 19, 2025. 10:38 • 4 daq

57
Islomobodda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi
Islomobodda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi
Islomobodda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi
Islomobodda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi
Islomobodda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi
Islomobodda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi
Islomobodda “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi

ISLOMOBOD, 19-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan Mintaqaviy tadqiqotlar instituti (Institute of Regional Studies, IRS) bilan hamkorlikda atoqli siyosatshunos Kudratilla Rafiqov qalamiga mansub “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining ingliz tilidagi nashri taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Pokiston Prezidentining Matbuot kotibi Murtazo Solangi, turli vazirlik va idora rahbarlari, parlament palatalari a’zolari, Islomoboddagi xorijiy elchilar, diplomatik korpus vakillari, OAV xodimlari, shu davlatda yashovchi vatandoshlar ishtirok etdi. 

O‘zbekistondan Oliy Majlis Senati a’zosi, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va boshqalar qatnashdi.

Tadbir avvalida, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev so‘z yuritib, qisqa vaqt ichida Islomobodda O‘zbekiston haqida uchta kitob – Muhammad Abbos Xonning “Uzbekistan: The Third Renaissance – The Concept of the Future”, Mehmud ul-Hasan Xonning “Shavkat Mirziyoyev: Great Leader of Reforms and Regional Integration” va Kudratilla Rafiqov muallifligidagi “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” nomli asarlarining keng jamoatchilikka taqdim etilgani, Pokiston ilmiy-akademik doira vakillari orasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning ortayotganidan dalolat berishini ta’kidladi. 

Shuningdek, Kudratilla Rafiqovning ushbu kitobida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi yurtimizda ortga qaytmas islohotlar jarayoni, makroiqtisodiy islohotlar, moliyaviy liberallashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, tashqi siyosat, madaniy diplomatiya va mintaqaviy integratsiya kabi masalalar batafsil yoritilgani qayd etildi.  

“O‘zbekiston yetakchisining “Islohotlar statistika uchun emas, inson qadri, sha’ni va kelajagi uchun” ekani haqidagi tamoyiliga tayangan holda yurtimizda “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini hayotga tadbiq etish amaliy strategiyaga aylangani, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi yutuqlar kitobda chuqur tahlil etilgan”, – dedi diplomatik missiya rahbari A.To‘xtayev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Shahboz Sharif shafeligida ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani, tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi strategik loyihalar, Transafg‘on temir yo‘lini qurish ustida izchil hamkorlik qilayotgani, o‘zaro savdoni 2 milliard AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha qo‘shma choralar ishlab chiqilayotgani alohida e’tirof etildi.

 Shundan so‘ng, Senator Husan Ermatov so‘zga chiqib, hozirgi kundagi islohotlar tizimli va qamrovli tusga ega ekanini, ular mamlakatning mutlaqo yangi qiyofasini shakllantirayotganini ta’kidladi. Tadbir ishtirokchilariga taqdimoti o‘tkazilayotgan kitobning mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, siyosiy esselarning har biri tarixiy ahamiyat kasb etuvchi muhim loyihalar, voqeliklarga asoslangani, bunda mamlakatning ichki va tashqi siyosati, jumladan mintaqaviy siyosat borasidagi qisqa muddatda erishilgan natijalar tahliliga e’tibor qaratdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakov o‘z chiqishida, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda davlat va jamiyat munosabatlarini tubdan qayta shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli siyosiy islohotlar amalga oshirilganini qayd etdi. U “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobi aynan shu jarayonlarni tizimli tahlil qilib, mamlakat taraqqiyotining yangi modeli shakllanayotganini ochib berganini urg‘uladi.

Pokiston Prezidentining Matbuot kotibi Murtazo Solangi o‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini, jamiyat hayotini yangilash, aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatni yanada mustahkamlashni “Rivojlanishning O‘zbekiston modeli”, – deya atadi.

“O‘zbekiston – ajoyib mamlakat. O‘zbekistonga sayohat qilish Lahor va Mo‘ltonga borishga o‘xshaydi. Islomobod va Toshkent orasidagi havo masofasi atigi 1100 kilometr. Bundan tashqari, mamlakatlarimizni, xalqlarimizni o‘zaro bog‘lab turgan rishtalar juda ko‘p. Tilimizda ham o‘xshash so‘zlar ko‘plab uchraydi. Biz bir-birimizni osongina tushunishimiz mumkin. Faqat bir-birimizni shunchaki juda diqqat bilan tinglashimiz kerak, xolos. O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini yanada rivojlantirish uchun esa imkoniyatlarimiz cheksiz. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadqiqot, mudofaa, xavfsizlik sohalarida. Bir necha yil oldin bizning ikki tomonlama savdo hajmimiz atigi bir necha yuz million AQSh dollarini tashkil qilar edi. Endi esa biz 500 million AQSh dollariga yaqinlashdik va bilasizmi, bu raqamlar o‘sishda davom etmoqda. Yaqinda O‘zbekistonga tashrif buyurdim va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalariga bevosita guvoh bo‘ldim. Men O‘zbekistonning o‘zgarib borayotgan qiyofasini ta’limda ham sog‘liqni saqlashda ham, infratuzilma va boshqaruv tizimida ham ko‘rdim”, – dedi u.

IRS prezidenti Jovxar Salim o‘z nutqida kitobda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda olib borilayotgan islohotlar, modernizatsiya jarayonlari, ochiq va pragmatik tashqi siyosatning mohiyati ochib berilganini ta’kidladi.

“Bu kitob – Yangi O‘zbekistonning sharafli taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan. O‘zbekiston qanday murakkab rivojlanish yo‘lini bosib o‘tgani boshqa mamlakatlar, shu jumladan Pokiston uchun ham namuna yo‘lidir. Kudratilla Rafikovning “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobi O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarning yangi davriga mos bo‘lganini va mazkur kitob Respublika taraqqiyot yo‘lini o‘zida tahliliy aks ettiradi”, – dedi IRS rahbari.

Anjuman yakunida barcha ishtirokchilarga mazkur kitob sovg‘a qilindi. Elchixona tomonidan tashkil etilgan milliy san’at namunalari ko‘rgazmasi va taqdim etilgan o‘zbek milliy taomlari Pokiston vakillari tomonidan katta taassurot bilan e’tirof etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dildora Azimova

dildora@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish