Logo

O'zbek diplomatlari Dehlidagi xalqaro jamg'arma ekspertlari bilan uchrashdi

Noyabr 18, 2025. 11:36 • 2 daq

53
O'zbek diplomatlari Dehlidagi xalqaro jamg'arma ekspertlari bilan uchrashdi

DEHLI, 14-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Dehlidagi elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning yetakchi tahliliy markazi – Vivekananda xalqaro jamg'armasi direktori Arvin Gupta bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Vivekananda xalqaro jamg'armasi (Vivekananda International Foundation – VIF) – Hindistonning milliy xavfsizlik, tashqi siyosat, mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy rivojlanish masalalariga ixtisoslashgan eng nufuzli va mustaqil tahliliy markazlaridan biri hisoblanadi.

Muzokaralar chog'ida O'zbekiston va Hindistonning yetakchi tahliliy markazlari, davlat tuzilmalari hamda ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga alohida e'tibor qaratildi.

Jamg'arma mutaxassislari bunday sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi. Hindistondagi siyosat, xavfsizlik va biznes sohasidagi yetakchi ekspertlar bilan yaqin aloqalarga ega bo'lgan mazkur tashkilot tizimli muloqotni rivojlantirish uchun samarali vositachi bo'lib xizmat qilishi mumkin.

Arvin Gupta Hindiston O'zbekistonni an'anaviy tarzda mintaqadagi asosiy hamkorlardan biri sifatida ko'rishini qayd etdi. U bugungi kunda O'zbekiston xalqaro hamjamiyat e'tiborida bo'lgan, jadal rivojlanayotgan davlat ekanini urg'uladi. Uning so'zlariga ko'ra, umumiy sivilizatsion aloqalar va oliy darajadagi mustahkam do'stona munosabatlar tufayli Toshkent va Dehli o'rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.

"Aql markazlari" yo'nalishidagi aloqalarni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi. VIF xodimlari O'zbekiston elchixonasining yetakchi tahliliy muassasalar o'rtasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish bo'yicha taklifini ma'qulladi va ustuvor yo'nalishlarda birgalikda ishlashga tayyor ekanini bildirdi.

Ushbu vazifani amaliy ro'yobga chiqarish doirasida tomonlar 2026-yil yanvar oyida qo'shma davra suhbati tashkil qilishga kelishib oldi. O'zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda o'tkaziladigan mazkur tadbir doirasida Hindistonning yetakchi mutaxassislari va ekspertlari ikki tomonlama munosabatlar istiqbollarini muhokama qilish uchun to'planadi.

Diplomatik missiya vakillari mamlakatimizda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar natijalari, shuningdek, Toshkentning xalqaro maydondagi tashabbuslari va xorijiy hamkorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti to'g'risida batafsil ma'lumot berdi.

VIF tahlilchilari Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan o'zgarishlar ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikni bosqichma-bosqich va har tomonlama kengaytirish uchun ishonchli asos ekanini e'tirof etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish