Logo

O'zbekiston–Qatar: strategik sheriklikning yangi bosqichi boshlanmoqda

Noyabr 05, 2025. 09:23 • 2 daq

49
O'zbekiston–Qatar: strategik sheriklikning yangi bosqichi boshlanmoqda

AMMON, 5-noyabr. /"Dunyo" AA/. Iordaniyaning yetakchi "Ammon News" nashrida "O'zbekiston–Qatar: kelajakka yo'naltirilgan strategik sheriklik" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"So'nggi yillarda O'zbekiston va Qatar o'rtasidagi hamkorlik jadal va strategik rivojlanmoqda. Savdo, investitsiya, energetika, infratuzilma va gumanitar sohalardagi munosabatlar ikki davlat o'rtasidagi ishonch va umumiy manfaatlarga asoslangani bilan ahamiyatlidir", – deyiladi maqola avvalida.

Nashrda ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik aloqalari haqida ham so'z yuritilgan. Jumladan, 2025-yilning 9 oyida O'zbekiston va Qatar o'rtasidagi tovar aylanmasi 45 foizga o'sdi, eksport esa 2,7 barobarga ko'paydi. O'zbekiston eksporti asosan sanoat mahsulotlari, xizmatlar va mineral yoqilg'ilarni, import esa kimyo va mineral xomashyo mahsulotlarini o'z ichiga oladi.

Qatar O'zbekiston uchun strategik investitsiya hamkoriga aylandi. 2023-yilda oliy darajadagi tashriflardan so'ng qiymati 7,6 milliard dollarlik energiya, transport, sog'liqni saqlash, raqamli infratuzilma va agrar sohadagi 28 ta yirik loyiha ro'yxatga olindi.

Shuningdek, maqolada O'zbekiston va Qatar hamkorligining yangi bosqichlari haqida ham to'xtalib o'tilgan. Xususan, energetika va vodorod texnologiyalari tizimida – quyosh va shamol energiyasi resursini joriy etish, transport va logistika bo'yicha Markaziy Osiyo va Fors ko'rfazi transport yo'lini bog'lovchi – "O'zbekiston–Kaspiy–Ko'rfaz" xalqaro yo'lagini ochish, agroindustriya va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida – issiqxona majmualari va qayta ishlash korxonalarini tashkil qilish kabi yo'nalishlar bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan yirik loyihalar haqida ham fikr yuritilgan.

"Ammon News" maqola xulosasida O'zbekiston va Qatar hamkorligi Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o'rtasida zamonaviy, pragmatik va texnologiyaga asoslangan sheriklik modeli sifatida namoyon bo'layotganini ta'kidlagan. Bu yangi hamkorlik aloqalari ikki davlatning uzoq muddatli va strategik sheriklikning yangi bosqichini boshlamoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish