Elchi Ayubxon Yunusov: O'zbekiston turizm salohiyati Ko'rfaz arab davlatlarida jadal tarzda targ'ib qilinmoqda
Iyun 15, 2025. 13:19 • 3 daq
• 67
AL-KUVAYT, 15-iyun. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchisi Ayubxon Yunusov Kuvaytning "Al-Jarida" gazetasiga O'zbekistonning turistik salohiyati bo'yicha intervyu berdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbatda avvalida turizm sohasi O'zbekiston iqtisodiyotidagi strategik tarmoqlardan biri sanalishi urg'ulangan. Shu bois, so'nggi yillarda mamlakatda turizm infratuzilmasi rivojlanib, xorijiy sayyohlar oqimi ortib bormoqda. Mamlakatning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi, bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O'tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.
"Hozirgi kunda taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish bo'yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda", – degan yurtimiz elchisi.
Intervyuda O'zbekiston hududida 7 mingdan ortiq tarixiy inshootlar borligi, ularning aksariyati YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgani ta'kidlangan. Diplomat aytib o'tganidek, O'zbekistonning tarixiy shaharlari madaniy diplomatiya va turizm markaziga aylanib borayotgani bois Samarqand shahrida 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'tkazish joyi sifatida tanlandi.
"So'nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 96 ta xorijiy davlatlar fuqarolari uchun O'zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qilmoqda. Jumladan, 2025 yil 1 iyundan boshlab Kuvayt fuqarolari uchun O'zbekistonga kirish bo'yicha 30 kunlik vizasiz tartib joriy etildi", – deydi mamlakatimiz rasmiy vakili.
Shuningdek, intervyu davomida Ko'rfaz arab davlatlaridan Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Bahrayn va O'mon mamlakatlari fuqarolariga ham O'zbekiston kirish uchun 30 kunlik vizasiz tartibning joriy qilingani aytib o'tilgan.
Diplomatik vakolatxona rahbari Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy shaharlarimiz, mamlakatimiz tabiatining go'zalligi va rang-barangligi, O'zbekiston xalqining ko'p asrlik hunarmandchilik an'analari, urf-odatlari va bayramlari har yili ko'plab sayyohlarni faol tarzda jalb qilayotganini ta'kidlagan.
Suhbatda hozirgi kunda mamlakatimizda 6000 dan ortiq mehmonxonalar, 2700 dan ortiq turizm subyektlari va 3000 dan ortiq gid-ekskursovodlar faoliyat olib borayotgani haqidagi ma'lumotlar ham taqdim etilgan. Qayd etilishicha, dunyo bo'ylab umumiy auditoriyasi 2,5 milliarddan ortiq bo'lgan Buyuk Britaniyaning "BBC" va "Wanderlust" kompaniyalari, Yevropaning "Euronews", AQSHning "Amadeus" raqamli onlayn platformasi bilan qo'shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
"Ko'rfaz arab davlatlarida hozirgi kunda O'zbekiston turizm taqdimoti va targ'iboti juda jadal tarzda amalga oshirilmoqda. O'zbekistonning yetakchi turizm kompaniyalari vakillari turli ko'rgazmalarida faol qatnashib, ikki tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda. Umuman olganda, joriy 2025 yilda xorijdan 15 million turist jalb qilinishi va turistik eksport 4 milliard dollarga yetkazilishi reja qilingan. Buning uchun hozirgi kunda O'zbekiston turizm brendini jahon miqyosida keng targ'ib qilish borasida muayyan ishlar olib borilyapti", – degan O'zbekiston elchisi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida