O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi munosabatlar Buyuk Britaniya OAV diqqat markazida
Oktabr 28, 2025. 17:48 • 2 daq
• 26
LONDON, 28-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning "London Post" elektron nashrida "Toshkent–Bryussel: Yevropa bilan hamkorlikning yangi bosqichi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu maqolada ta'kidlanishicha, O'zbekistonning Yevropa hamjamiyatlari bilan aloqalari 1992-yil 15-aprelda O'zbekiston hukumati va Yevropa Ittifoqi komissiyasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolanishi bilan boshlangan. Diplomatik munosabatlar 1994-yil 16-noyabrda o'rnatilgan, 1995-yilda esa Bryusselda O'zbekistonning elchixonasi ochilgan, u ham Yevropa Ittifoqidagi vakolatxona vazifasini bajaradi. 2011-yildan buyon Toshkentda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi faoliyat yuritib kelmoqda.
O'zbekiston Prezidenti Belgiya poytaxtida Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan muzokaralar o'tkazgani hamda unda ko'p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko'rib chiqilgani materialda alohida urg'ulangan.
Bundan tashqari, Britaniya saytida Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimning imzolanishi O'zbekistonning Yevropa bilan o'zaro tushunish, ochiqlik va ishonchni mustahkamlashga qaratilgan izchil tashqi siyosatining mantiqiy davomi bo'lishi bildirilgan. Mazkur hujjat savdo va sarmoyadan tortib, fan, texnologiya, madaniyat va atrof-muhitni muhofaza qilishgacha bo'lgan keng ko'lamli sohalarni qamrab olishi ta'kidlangan.
Materialda o'tgan davr mobaynida Yevropa Kengashi Prezidenti O'zbekistonga uch marta – 2019, 2022 va 2025-yillarda, shuningdek, Yevropa Komissiyasi Prezidenti 2025-yilda tashrif buyurgani xalqaro hamkorlik aloqalarining tobora rivojlanib borayotganidan dalolat ekani qayd etilgan.
Manbada, shuningdek, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2025-yil 4-aprel kuni Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi"ning birinchi sammiti bo'lib o'tgani va unda Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi prezidentlari hamda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ishtirok etgani alohida urg'ulangan.
"London Post"da e'lon qilingan materialda iqtisodiy hamkorlik aloqalari haqida ham batafsil to'xtalib o'tilgan. Xususan, 2024-yilda O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard dollarni tashkil etgani, 2025-yilning yanvaridan avgustigacha bu ko'rsatkich 4,5 milliard dollardan oshgani, Yevropa kompaniyalari bilan amalga oshirilgan loyihalar portfeli esa 30 milliard yevroga yetgani e'tirof etilgan.
Maqola yakunida, "O'zbekiston Prezidentining Bryusselga rasmiy tashrifi va Yevropa Ittifoqi bilan yangi, keng qamrovli aloqalarning o'rnatilishi o'zbek diplomatiyasi tarixida muhim voqea bo'ladi. Bu qadam O'zbekistonning Yevropadagi mavqeini mustahkamlabgina qolmay, hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish, sarmoyalarni jalb etish, texnologiyalar, innovatsiyalar va g'oyalar almashish uchun kuchli turtki bo'lib xizmat qiladi", – deyilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda