O'zbekiston va Yevropa Ittifoqining turizm sohasidagi hamkorligi Xitoy OAV diqqat markazida
Oktabr 27, 2025. 19:44 • 2 daq
• 28
PEKIN, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning ommabop "Target" nashrida "Turizm sohasi O'zbekiston va YI hamkorligida ko'prik vazifasini o'tamoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, so'nggi yillarda turizm O'zbekistonning tashqi iqtisodiy strategiyasida ustuvor yo'nalishlardan biriga aylandi. Ushbu siyosat doirasida mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni faol rivojlantirib, turizm sohasini iqtisodiy o'sish, madaniy almashinuv va xalqaro imijni mustahkamlashning kuchli vositasiga aylantirmoqda.
YI bilan hamkorlik infratuzilma va raqamli loyihalardan tortib, global maydonda turizmni ilgari surishgacha bo'lgan keng ko'lamli tashabbuslarni qamrab oladi. 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo'lib o'tgan birinchi "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" sammiti muhim bosqich bo'ldi. Sammitda strategik sheriklik to'g'risidagi deklaratsiya qabul qilindi, unda turizmni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi.
Ta'kidlanishicha, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YI standartlarini hisobga olgan holda Markaziy Osiyo sayyohlik yo'nalishlarini birlashtirishga qaratilgan "Bir tur – butun mintaqa" tashabbusini taqdim etdi. Maqsad – viza tartiblarini soddalashtirish, madaniy almashinuvni rag'batlantirish va mintaqa bo'ylab sayohatlarni yevropalik sayyohlar uchun yanada arzon va jozibador qilish.
"O'zbekistonning xalqaro platformalardagi sayyohlik imijini ilgari surishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Euronews, BBC, CNN va National Geographic kabi yetakchi media resurslar mamlakatni istiqbolli yo'nalish sifatida taqdim etmoqda, bu esa Yevropadan sayyohlar oqimining o'sishiga yordam beradi", – deya qayd etilgan materialda.
Maqola xulosasida, "O'zbekiston va Yevropa Ittifoqining turizm sohasidagi hamkorligi shunchaki tajriba almashinuvi emas, balki real iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy natijalarni keltiruvchi strategik ittifoqdir. Hamkorlik mintaqa uchun yangi imkoniyatlar ochadi, xalqlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi va Markaziy Osiyoni dunyo uchun yanada ochiq va jozibador qiladi", – deb urg'ulangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda