O'zbekistonda «Silk Uzbekistan Fashion Week» xalqaro moda haftaligining bo'lib o'tishi Saudiya OAV nigohida
Yanvar 26, 2024. 15:58 • 2 daq
• 105
JIDDA, 26-yanvar. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining «Swift News» elektron nashrida «O'zbekistonda har ikki yilda bir marta «Uzbekistan Silk Week» xalqaro moda haftaligi o'tkaziladi» sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, «O'zbekistonda yana bir sayohat kuni» dasturi orqali yurtimizga sayyohlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda, bu esa tegishli turistik obyektlar hisobiga sayohatlar davomiyligini oshirishni nazarda tutadi.
Shu bilan birga, ikki yilda bir marta, may oyining uchinchi haftasida mamlakatimizda «Silk Uzbekistan Fashion Week» xalqaro moda haftaligi bo'lib o'tadi. Unda ishtirok etish uchun dunyoning yetakchi moda uylarini jalb etish rejalashtirilgan. Tadbir doirasida O'zbekiston ipak matolaridan kiyim-kechak ishlab chiqarish bo'yicha mukofot jamg'armasi 2 million dollar bo'lgan tanlov o'tkaziladi.
Bundan tashqari, turistik fasllarning ochilishini nazarda tutuvchi «To'rt faslning har birida sayohat» festivallari o'tkaziladi. Bahorgi sayyohlik mavsumi fevral oyining oxirgi haftasida, yoz mavsumi may oyida, kuz mavsumi avgustda, qishki turistik mavsum esa noyabrda boshlanadi.
Maqolaning so'nggida ta'kidlanishicha, 2024-yilda O'zbekistonga AQSh, Kanada, Braziliya va Meksikadan - 50 ming, Germaniya, Shveysariya va Chexiyadan - 65 ming, Fransiya va Portugaliyadan - 60 ming, Yaponiyadan - 50 ming, Xitoydan - 180 ming, Janubiy Koreyadan - 60 ming, Turkiyadan - 175 ming, Ukrainadan - 15 ming, Belarusdan - 50 ming, Rossiyadan - 1,46 million nafar sayyohlarning kelishi kutilmoqda. Sayyohlarning ko'pchilik qismi qo'shni davlatlar hisobiga to'g'ri keladi: Qozog'istondan 2,2 million, Qirg'izistondan 2,3 million, Tojikistondan 2,4 million.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi