O'zbekistonda paxta-to'qimachilik klasterlari faoliyatini rivojlantirish bo'yicha islohotlar Tojikiston OAV nigohida

Fevral 28, 2024. 16:08 • 2 daq

277
O'zbekistonda paxta-to'qimachilik klasterlari faoliyatini  rivojlantirish bo'yicha islohotlar Tojikiston OAV nigohida

DUSHANBE, 28-fevral. /"Dunyo" AA/. Tojikistonning "Avesta" axborot agentligi "O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari: yangi quvvatlar, mahsulotlar, ish o'rinlari" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekistonda paxta-to'qimachilik klasterlarining samaradorligi yildan-yilga ortib bormoqda, — deyiladi maqolada. —O'tgan yili respublikada 1 million 20 ming gektar maydonda 3 million 800 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirildi. O'rtacha hosildorlik esa gektariga 35,5 sentnerni tashkil qildi", — deyiladi maqolada.

Agentlikning ma'lum qilishicha, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida joylashgan "TCT Cluster" MCHJ huzuridagi "Tashkent Cotton Textile" paxta-to'qimachilik klasteriga qarashli to'qimachilik majmuasi yirik obyektlardan biridir.

Uning umumiy qiymati 235 million yevroni tashkil qiladi. Beshta zavodni o'z ichiga olgan ulkan majmuaning birinchi bosqichi doirasida 112 million yevrolik investitsiyalar o'zlashtirildi, yigiruv fabrikasi qurilib, 1100 kishi ish bilan ta'minlandi.

"To'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxona yiliga 33 ming tonna turli xil ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Aytish joizki, bu yerda ishlab chiqarilgan 75 million dollarlik mahsulot Yevropa davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Yigiruv fabrikasi Germaniya, Turkiya, Shveysariya, Italiya kabi mamlakatlarning eng yangi texnologik asbob-uskunalari va dastgohlari bilan jihozlangan. Ular ko'magida tashqi bozorda raqobatbardosh "Kalava" brendidagi yuqori sifatli kalava kalava ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi", — deb qayd etgan manba.

Maqolada, shuningdek, 2023-yilda Farg'ona viloyatining Rishton tumanida «Kosto Line Holding» paxta-to'qimachilik klasterining yangi korxonasi ishga tushirilgani haqidagi ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga taqdim etilgan.

"Mazkur loyiha umumiy qiymati 32 million dollarga teng. Korxona Germaniya, Italiya, Turkiya, Fransiya kabi davlatlarning yuqori texnologiyali uskunalari bilan jihozlangan bo'lib, yiliga 20,6 ming tonna ip-kalava, shuningdek, gazlama, sochiq, choyshablar ishlab chiqarish quvvatiga ega", — deya ma'lum qilgan agentlik.

Bundan tashqari, nashrda Farg'ona viloyati Bag'dod tumanidagi "Ferghana Spinning", Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi «Sardoba Universal Cluster» va Xovos tumanidagi "Zamon teks" klasterlari faoliyatiga doir muhim raqamlar qalamga olingan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish