O'zbekistondagi demokratik o'zgarishlar va ularning xalqaro e'tirofi AQSh OAV diqqat markazida
Avgust 27, 2025. 10:19 • 2 daq
• 43
VASHINGTON, 27-avgust. /"Dunyo" AA/. Amerika Qo'shma Shtatlarining ommabop nashrlarida O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasiga erishilgan natijalarga bag'ishlangan turkum maqolalar e'lon qilindi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, "The Times of Central Asia" gazetasida bosilgan "Islohotlardan huquqlar sari – O'zbekistonning huquqiy asoslarini mustahkamlash" sarlavhali maqolada demokratik islohotlar, pragmatik tashqi siyosat, xalqaro hamjamiyat bilan chuqur muloqot, inson huquqlari va asosiy erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash haqida yozilgan.
Qayd etilishicha, qurolli mojarolar, ekologik ofatlar, savdo ziddiyatlari va xavfsizlikka yangi tahdidlar fonida O'zbekiston mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yoshlarni ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga intilmoqda.
"Yangilangan Konstitutsiyada O'zbekiston ijtimoiy davlat sifatida aholi bandligini ta'minlash, ish o'rinlarini himoya qilish, kambag'allikni kamaytirish va kasb-hunar ta'limi sohasini kengaytirish bo'yicha aniq majburiyatlar yuklangan. "O'zbekiston-2030" strategiyasida 2030-yilgacha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari daromadlarining barqaror o'sishini ta'minlash vazifalari belgilangan", – deyilgan materialda.
O'z navbatida "Diplomatic Watch" jurnali "Yangi O'zbekiston" konsepsiyasi doirasida O'zbekiston erishgan yutuqlarga bag'ishlangan maqolani o'z mushtariylari e'tiboriga taqdim qildi.
Nashrda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal o'zgarishlar tahlil qilingan. O'zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, xalqaro maydonda ishonchli hamkor sifatidagi maqomi sezilarli darajada mustahkamlangani qayd etilgan. Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik konstruktiv tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan bir ovozdan qo'llab-quvvatlanmoqda.
Ta'kidlanishicha, Markaziy Osiyoning dengizga chiqish imkoni bo'lmagan davlatlari muvofiqlashtirilgan sa'y-harakatlari geografik zaiflikni barqaror rivojlanish asosiga aylantirishi mumkinligini ko'rsatmoqda.
"Yangi transport yo'laklarini yaratish, qo'shma iqtisodiy loyihalar, shuningdek, energetika va suv resurslari sohasida hamkorlikni kengaytirish orqali mintaqa muvaffaqiyatli integratsiya namunasiga aylanib bormoqda. O'zbekiston dengizdan ikki baravar uzoqda joylashgan dunyodagi yagona davlat bo'lib, yangi ishonchli tranzit yo'laklari va logistika infratuzilmasini yaratish tarafdori, shuningdek, dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tranzit kafolatlari bo'yicha Global kelishuvni ishlab chiqishni taklif qilmoqda", – deb yozilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida