Logo

O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosati Qirg'iziston OAV nigohida

Iyul 09, 2024. 09:21 • 2 daq

105
O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosati Qirg'iziston OAV nigohida

BISHKEK, 9-iyul. /"Dunyo" AA/. Qirg'izistonning "Slovo Kirgizstana" gazetasida "Yosh avlodni qo'llab-quvvatlash – Yangi O'zbekistonning ustuvor vazifasi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda 2017–2021-yillarda respublikada yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida 50 dan ortiq qonun va normativ hujjatlar qabul qilindi, deya ma'lum qilingan.

So'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar natijasida rivojlanishning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo'yildi. O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlarni muntazam ravishda amalga oshiruvchi boshqaruvi organi sifatida tashkil etildi.

"Respublikada amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining strategik maqsadi erkin ta'lim olish, samarali mehnat faoliyati, har bir yoshning o'zini o'zi anglashi va ijodiy rivojlanishi uchun sharoit yaratish, aholining ijtimoiy hayot darajasini oshirishga qaratilgan", – deyiladi nashrda.

Materialda, shuningdek, davlat tashkilotlari bilan bir qatorda, mamlakatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarning ham iqtidorli yoshlarni izlash va qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgani haqida ham aytib o'tilgan. Masalan, yoshlarga oid davlat siyosati asosiy yo'nalishlaridan birining yoshlar iste'dodi va qobiliyatini qo'llab-quvvatlashga qaratilganligi ham respublika ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.

"Shu bilan birga, 2019-yilda mamlakat rahbarining alohida farmoni bilan O'zbekiston Prezidenti huzuridagi "El-yurt umidi" jamg'armasi tashkil etildi, – deb qayd etilgan manbada. – Bugungi kunda mazkur jamg'arma tomonidan ajratilgan ta'lim grantlari tufayli minglab o'zbekistonlik iqtidorli yoshlar rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli oliy o'quv yurtlarida o'qish va ilg'or xorijiy tajribalarni o'zlashtirish imkoniyatiga ega bo'lmoqda".

Xususan, o'tgan 2022-2023 o'quv yilida 420 nafar talaba va magistrlar "El-yurt umidi" jamg'armasi stipendiyalari va xorijda o'qish grantlari sohibi bo'ldi. Ushbu amaliy ishlar, albatta, 2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishishga qaratilgan. Chunki mazkur strategiyaning 50-maqsadiga muvofiq, "El-yurt umidi" jamg'armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarga o'qishga yo'naltirish ko'lamini ikki baravar oshirish, yoshlarning ellik foizini texnik, aniq va IT-fanlar o'rgatish rejalashtirilgan.

"Slovo Kirgizstana" gazetasi tomonidan chop etilgan maqola xulosasida, "O'zbekistonda yoshlarning ma'naviy kamolotga yetishishlari, ularning savodxonligini oshirish uchun kutubxonalar, teatrlar, kinoteatrlar, muzeylar, bog'lar va boshqa ko'plab madaniyat muassasalari tashkil etilmoqda. Shuningdek, yoshlarning ommaviy sport turlari bilan shug'ullanishi uchun sharoit yaratish hisobiga sport inshootlari ham keskin ko'paydi", – deb ta'kidlagan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish