O'zbekistonning korrupsiyadan holi jamiyat qurishga qaratilgan davlat siyosati Qozog'iston OAV nigohida
Sentabr 28, 2024. 15:24 • 2 daq
• 262
OSTONA, 28-sentabr. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning "Infozakon" elektron nashrida "Yangi O'zbekistonda davlat va fuqarolik jamiyati korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Mustaqillik yillarida O'zbekistonda fuqarolik jamiyatining roli tobora ortib bormoqda, – deb yozgan muallif. – Fuqarolik jamiyati vakillari nafaqat ishtirok etadilar, balki jamiyat va davlat hayotida faol tashabbus ko'rsatadilar. Bu rol, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarida yaqqol namoyon bo'ldi".
Albatta, korrupsiya va jamiyat bir-biriga mos kelmaydigan tushunchalardir. Jamiyat farovonligining sharti - korrupsiyadan xoli hayot. Buning uchun esa barcha zarur asoslar yaratilishi kerak, bu davlatning asosiy vazifasidir.
Shu maqsadda O'zbekistonda dastlab BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining 13-moddasida mustahkamlangan xalqaro standartlarga to'liq mos keladigan qonunchilik bazasi yaratildi, deb ta'kidlagan elektron nashr.
"Prezident Shavkat Mirziyoyevning korrupsiyaning oldini olishda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini ta'minlash uchun zarur huquqiy bazani yaratish borasidagi siyosiy irodasi "Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida", "Jamoatchilik nazorati to'g'risida"gi qonunlar va boshqa hujjatlarning qabul qilinishida o'z ifodasini topmoqda", deyiladi nashrda.
Qayd etilishicha, mazkur normalar va Prezidentning "O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmoni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish uchun asos yaratadi.
Maqola yakunida, bu va boshqa chora-tadbirlar Yangi O'zbekistonning yangi siyosati samarasi bo'lib, unda inson manfaatlari yo'lida islohotlarni amalga oshirish, korrupsiyadan holi jamiyat taraqqiyotini ta'minlash asosiy maqsad qilib qo'yilgan, deb ta'kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi