Logo

Hindiston OAV: YUNESKO Bosh konferensiyasi 2025-yilda qadimiy Samarqand shahrida bo'lib o'tadi

Avgust 22, 2024. 16:23 • 2 daq

609
Hindiston OAV: YUNESKO Bosh konferensiyasi 2025-yilda qadimiy Samarqand shahrida bo'lib o'tadi

DEHLI, 22-avgust. /"Dunyo" AA/. Hindistonning "Diplomacy India" va "Sarkaritel" axborot portallarida YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan sessiyasiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"2025-yilda O'zbekistonning noyob tarixiy shahri Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasi bo'lib o'tadi, – deb ta'kidlagan nashrlar. – BMT madaniy tashkilotining muhim tadbiri 40 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta Parijdan tashqarida tashkil etiladi".

Muallif Fransiya poytaxti so'nggi qirq yil davomida ushbu muhim xalqaro tadbir o'tkaziladigan muqim joy bo'lib kelgani va YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasining Samarqandga ko'chirilishi ushbu forumning yuqori ahamiyatidan dalolat berishini urg'ulagan.

"Markaziy Osiyoning eng qadimiy va buyuk shaharlaridan biri bo'lgan Samarqand o'zining muhtasham me'moriy obidalari, boy tarixi bilan nom qozongan. Shahar Sharq va G'arbni bog'lagan Buyuk ipak yo'lining muhim chorrahasi vazifasini o'tagan. Bugungi kunda Samarqand Registon maydoni, Ulug'bek rasadxonasi va Shohi-Zinda maqbarasi kabi tarixiy maskanlari bilan mashhur. Mazkur yodgorliklar nafaqat qadimiy davrning me'moriy yuksakligi va ilm-fan yutuqlarini aks ettiradi, balki madaniy almashinuv va Samarqandning jahon sivilizatsiyasi rivojiga ta'siridan ham dalolat beradi", deyiladi nashrlarda.

Materialda YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi ushbu xalqaro tashkilotga a'zo davlatlar vakillari ta'lim, fan, madaniyat va kommunikatsiya sohalaridagi dolzarb masalalarni muhokama qiladigan muhim voqea hisoblanishi haqida tushuncha berilgan. Konferensiya YUNESKOning global siyosatini shakllantirish, yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va xalqaro standartlarni yaratishda muhim rol o'ynaydi. 193 davlat 1945-yil noyabr oyida tashkil etilgan va bosh qarorgohi Parijda joylashgan YUNESKOga a'zo bo'lib kirgan.

Maqola "Konferensiyaning Samarqandda o'tkazilishi nafaqat O'zbekistonning jahon madaniy-ma'rifiy taraqqiyotiga qo'shgan hissasining e'tirofi bo'ladi, balki tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini yana bir bor ta'kidlash uchun qulay imkoniyatdir. Ushbu tadbir xalqaro darajadagi madaniy almashinuv va barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun o'ziga xos platforma bo'lib xizmat qiladi. Samarqand yana bir bor jahon madaniyati va ilm-fanining muhim markazi sifatidagi rolini tasdiqlaydi" degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish