Logo

"El Mundo Financiero": O'zbekiston muhim minerallar sohasidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlamoqda

Sentabr 03, 2025. 12:50 • 2 daq

85
"El Mundo Financiero": O'zbekiston muhim minerallar sohasidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlamoqda

MADRID, 3-sentabr. /"DunyoAA/. Ispaniyaning ommabop "El Mundo Financiero" elektron nashrida "O'zbekiston jahonning yangi "mineral diplomatiyasi" markaziga aylanmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada O'zbekiston ikkita yetakchi xalqaro tuzilmaga — Yevropa muhim xomashyolar alyansi (ERMA) va Kanada muhim minerallar institutiga birlashib, global muhim xomashyolar bozorida o'z mavqeini mustahkamlayotgani urg'ulangan.

"O'tgan yili O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasida muhim xomashyolar sohasida anglashuv memorandumi imzolangan edi. O'zbekiston texnologik metallar kombinatining (TMK) Yevropa muhim xomashyolar alyansiga rasman qo'shilishi esa ushbu jabhadagi ishlarning mantiqiy davomi bo'ldi. "ERMA" Yevropa sanoatining resurs siyosatini shakllantiruvchi va "yashil" iqtisodiyot uchun xom ashyoning ishonchli yetkazib berilishini ta'minlovchi asosiy platforma hisoblanadi",- deb yozilgan maqolada.

TMKning "ERMA"da ishtirok etishi O'zbekiston oldida Yevropa investitsiyalari va texnologiyalaridan foydalanishdan tortib, yuqori standartlarga javob beradigan mahsulotlar bilan global bozorlarga chiqishgacha yangi ufqlar ochadi.

Nashrda qayd etilishicha, O'zbekiston Shimoliy Amerikadagi o'z mavqeini ham mustahkamlamoqda. Xususan, TMK Kanada muhim minerallar institutiga a'zo bo'ldi. Bu tuzilma dunyo resurs siyosatining intellektual shtabi bo'lib, u yerda strategik xom ashyoni qazib olish va qayta ishlashning "kelajak xaritasi" shakllantiriladi.

"Institutga a'zolik AQSh, Kanada va Yevropaning resurs siyosati bo'yicha strategik ma'lumotlarga kirish imkonini beradi. Shuningdek, texnologiyalar transferi va investitsiyalarni jalb qilish uchun platforma taqdim etadi. Bu qadamlar O'zbekistonning muhim minerallar sohasidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlaydi va mamlakatga jahon resurs siyosatini shakllantirishga ta'sir ko'rsatish imkonini beradi", – deb qayd etilgan maqola xulosasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish