Logo

"Fars News": Namanganda uchta elektr stansiyasi qurilishi boshlandi

Mart 28, 2024. 07:56 • 2 daq

219
"Fars News": Namanganda uchta elektr stansiyasi qurilishi boshlandi

TЕHRON, 28-mart. /"Dunyo" AA/. Eronning "Fars News" axborot agentligi "O'zbekistonning Namangan viloyatida uchta elektr stansiyasi qurilishi boshlandi" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.



Nashrda qayd etilganidek, shu yil 25-mart kuni O'zbekiston Prezidenti ishtirokida Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bag'ishlangan marosim bo'ldi. Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi

"Fars News" AA tomonidan e’lon qilingan maqolada yozilganidek, Namanganda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt bo'lgan uchta majmua loyihalashtirilgan. Bular gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasidir.

"Jumladan, "O'zbekgidroenergo" aksiyadorlik jamiyati 434 million dollar evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta "GES kaskadi"ni barpo etadi. Buning natijasida yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi", – deyiladi maqolada.

Agentlik, shuningdek, ushbu GES to'liq O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan uskuna va texnologiyalar hisobiga qurilishini xabar qilgan. Bu O'zbekistondagi "birinchi milliy GES" bo'ladi.

Bundan tashqari, materialda Pop tumanida Germaniyaning "Hyper Partners GmbH" kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi qurilishi haqidagi ma’lumotlar mushtariylar e’tiboriga taqdim qilingan.

"Mazkur loyihaning qiymati 350 million dollar bo'lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soatni tashkil etdi, – qayd etgan manba. – Birlashgan Arab Amirliklarining "Tepelen Group Holding Limited" kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati 350 million dollar, quvvati 500 megavatt bo'ladi. Ushbu stansiyalarni shu yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash ko'zda tutilgan".

Ma’lum qilinganidek, mazkur loyihalar natijasida Namangan viloyatining generatsiya quvvatlari 2 141 megavattga yetadi. Yillik 7,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

"Bu esa viloyatning elektr energiyasiga bo'lgan 5,5 milliard kVt soatlik talabini to'liq qoplaydi. Ortgan 30 foiz elektr Andijon va Farg'ona viloyatlariga yo'naltiriladi", – deya ta’kidlangan maqola xulosasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish