"Hello Magyar": O'zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari siyosiy muloqotdan iqtisodiy sheriklikgacha bo'lgan jadal rivojlanishdan dalolat beradi
Iyul 05, 2025. 14:52 • 2 daq
• 84
BUDAPESHT, 5-iyul. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning mashhur "Hello Magyar" elektron nashrida O'zbekiston-Ozarbayjon hamkorligiga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi munosabatlar siyosiy muloqotdan tortib, iqtisodiy sheriklikgacha bo'lgan barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani qayd etilgan. Muallif transport va logistikani ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo'nalishlaridan biri sifatida alohida ta'kidlaydi.
"O'zbekiston uchun dengizga chiqish imkoniyati yo'qligi sharoitida xalqaro transport yo'nalishlariga chiqishni ta'minlash ustuvor vazifa sifatida qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjon Kavkaz mintaqasiga va keyinchalik Yevropaga chiqishni ta'minlaydigan asosiy hamkor sifatida qaralmoqda. 1996-yildan beri amal qilayotgan erkin savdo tartibi sherik davlatlar bozorlariga o'zbek mahsulotining bemalol chiqishi uchun qulay sharoit yaratadi", – deyilgan nashrda.
Maqolada 2024-yil oxiriga kelib O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida yuk tashish hajmi 100 ming tonnadan oshgani, bu o'tgan yilga nisbatan 5 foizga ko'p ekanligi haqida ma'lumotlar keltirilgan.
Vengriya elektron nashri, ikki mamlakat o'rtasidagi aviatsiya sohasida yo'lga qo'yilgan samarali hamkorlikka e'tibor qaratgan. "O'zbekiston-Ozarbayjon aviatsiya munosabatlari 1996-yil 27-maydagi "Havo harakati va aviatsiya sohasida hamkorlik to'g'risida"gi shartnoma, shuningdek, ikki davlat aviatsiya hokimiyatlari o'rtasida imzolangan memorandumlar va maslahatlashuvlar bayonnomalari bilan tartibga solingan. O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi aviaqatnovlar soni so'nggi ikki yilda ikki barobarga oshdi, xususan Toshkent-Boku yo'nalishida haftasiga sakkiz marotaba muntazam reyslar amalga oshirilmoqda", – deb yozgan muallif.
Shuningdek, nashrda tomonlar logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirishga katta e'tibor qaratayotgani ta'kidlangan. Xususan, Alyat mavzesidagi Boku xalqaro dengiz porti va u yerda joylashgan erkin iqtisodiy zona o'zbek kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
O'zbekiston yirik jahon portlariga chiqish imkoniyati cheklangan bo'lsada, Yevroosiyo mintaqasida quruqlikdagi transport yo'laklarini shakllantirish va rivojlantirish orqali transport-logistika sohasini to'liq rivojlantirish imkoniyatiga ega.
"O'zbekistonning Ozarbayjon bilan aloqalari MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, TRACECA va boshqa xalqaro platformalar doirasida ham mustahkamlanib bormoqda. Bu esa, O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlar doirasidan chetga chiqib, yangi Yevroosiyo transport xaritasini shakllantirishda muhim omil bo'lmoqda", – deya urg'ulangan maqola yakunida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida