Logo

"Karavan Info": O'zbekistonda Prezident tashabbusi bilan uchta yirik ekologik loyiha ishga tushiriladi

Noyabr 14, 2025. 10:30 • 2 daq

81
"Karavan Info": O'zbekistonda Prezident tashabbusi bilan uchta yirik ekologik loyiha ishga tushiriladi

MOSKVA, 14-noyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning "Karavan Info" AAda "O'zbekistonda Prezident tashabbusi bilan uchta yirik ekologik loyiha ishga tushiriladi" nomli maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada ta'kidlanishicha, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda mamlakatda atrof-muhit holatini tubdan yaxshilashga qaratilgan uchta yirik loyihani amalga oshirishga start bergan.

Ushbu "Toza havo", "Chiqindisiz toza O'zbekiston" va "Ekomeros" loyihalari aholi uchun qulay ekologik sharoitlar va hududlarning barqaror rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan.

Agentlik qayd etishicha, muhim tashabbuslardan biri "Toza havo" loyihasidir. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning "O'zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, uning doirasida yagona ekologik monitoring markazi tashkil etiladi. Birinchi va ikkinchi toifadagi sanoat korxonalarini zamonaviy filtr va tozalash inshootlari bilan jihozlash asosiy qadam bo'ladi. Ushbu chora-tadbirlar atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishni sezilarli darajada kamaytiradi.

Yana bir yirik loyiha – "Chiqindisiz toza O'zbekiston". Ushbu loyiha chiqindilarni to'plash, qayta ishlash va utilizatsiya qilishning mutlaqo yangi tizimini yaratishni nazarda tutadi. Prezident bu sohaga xususiy sektorni faol jalb etish bo'yicha alohida ko'rsatma berdi.

"Ekomeros" deb nomlangan uchinchi loyiha O'zbekistonning noyob tabiiy boyliklarini asrab-avaylashga qaratilgan. U muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, qo'riqxonalar va milliy bog'larni muhofaza qilish va rivojlantirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Ushbu qadamlar biologik xilma-xillik va ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish