Logo

"News Central Asia" AA: O'zbekiston ilk bor sofligi 99,9 foiz bo'lgan reniy metallini eksport qildi

Iyul 15, 2025. 12:20 • 2 daq

99
"News Central Asia" AA: O'zbekiston ilk bor sofligi 99,9 foiz bo'lgan reniy metallini eksport qildi

ASHXOBOD, 15-iyul. /"Dunyo" AA/. Turkmanistonning "News Central Asia" axborot agentligi "O'zbekiston texnologik metallar zavodi (TMK) xalqaro hamkorlikni faollashtirmoqda" sarlavhali maqolani ingliz va rus tillarida e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonda ilk bor sofligi 99,9 foiz bo'lgan reniy metalli eksport qilgani ma'lum qilingan.

"Reniy metalli eksporti O'zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) va Estoniyaning "VLCor Baltic OU" kompaniyasi o'rtasida imzolangan shartnoma asosida amalga oshirildi. Bu O'zbekistonda reniy metalli eksportining amaldagi boshlanishidir", –deb yozilgan maqolada.

Nashrda, shuningdek, O'zbekiston texnologik metallar kombinati AJ va Xitoyning yetakchi muhandislik-injiniring kompaniyasi – "China Aluminum International Engineering Co., Ltd." (Chalieco) o'rtasida muhim ahamiyatga ega yangi hujjatlar imzolangani haqidagi ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga taqdim etilgan.

Ta'kidlanganidek, tomonlar o'rtasida volfram gidrometallurgiya sexini modernizatsiya qilish bo'yicha shartnoma, shuningdek, ilg'or innovatsion texnologiyalarni joriy etish yuzasidan Hamkorlik memorandumi tuzildi.

Bundan tashqari, Turkmaniston OAV O'zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) va Xitoyning "PPP (Hong Kong) Ltd." kompaniyasi vakillari o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tgani haqida yozgan.

"Muloqot chog'ida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Xususan, O'zbekistonda yaratilayotgan qulay investitsiya muhitidan foydalangan holda, kritik xomashyo yo'nalishida qo'shma korxona tashkil etish taklifi ilgari surildi. "PPP (Hong Kong) Ltd." vakillari kompaniyaning xrom, nikel va kobaltni qayta ishlash hamda ushbu metallar asosida mahsulot ishlab chiqarish bo'yicha salohiyati va zamonaviy texnologiyalarga egaligini bildirdi. Kompaniya, shuningdek, O'zbekistonda xrom xomashyosini qayta ishlab sof xrom ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bo'yicha hamkorlikka tayyorligini ma'lum qildi", – deya qayd etilgan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish