Logo

"The Diplomatic Insight": O'zbekiston Prezidenti: Mintaqamiz Yangi Markaziy Osiyo sifatidagi tarixiy uyg'onish davri ostonasida turibdi

Noyabr 24, 2025. 08:57 • 3 daq

481
"The Diplomatic Insight": O'zbekiston Prezidenti: Mintaqamiz Yangi Markaziy Osiyo sifatidagi tarixiy uyg'onish davri ostonasida turibdi

ISLOMOBOD, 24-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning "The Diplomatic Insight" portalida "O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitida hamkorlik istiqbollarini belgilab berdi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda shu yil 16-noyabr kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo'lib o'tgani xabar qilingan.

Maqolada O'zbekiston Prezidentining mazkur sammitdagi nutqida ilgari surilgan tashabbuslarga alohida e'tibor qaratilgan. O'zbekiston yetakchisi keyingi yillarda mintaqada amalga oshirilayotgan integratsiya jarayonlarini qisqacha tahlil qildi. Ochiq muloqot va birgalikdagi faol sa'y-harakatlar tufayli mintaqa uchun dolzarb bo'lgan qator muammolarga samarali yechimlar topilganini ta'kidladi. Hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o'zaro manfaatli hamkorlik yo'lga qo'yildi, transport aloqalari qayta tiklandi, faol savdo-investitsiyaviy va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratildi.

"Bugungi kunda Markaziy Osiyo – barqaror o'sish va farovonlik uchun oldimizda yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makonidir" – deya davlatimiz rahbari so'zlaridan iqtibos keltiradi Pokiston elektron nashri.

O'zbekiston yetakchisi mintaqa jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashayotganini qayd edi: investitsiyaviy jozibadorlik oshmoqda, uchinchi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari kengaymoqda, tranzit salohiyati o'smoqda. O'tgan yili mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro savdo hajmi 10,7 milliard dollarga yetdi, Markaziy Osiyoga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 17 foizga ko'paydi.

Shuningdek, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, terrorizm va ekstremizm, transchegaraviy jinoyatchilik tahdidlariga qarshi kurashish masalalari bo'yicha tizimli choralar ko'rilayotganiga e'tibor qaratildi.

"Ma'ruzada ta'kidlanishicha, mintaqaning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi mavqei mustahkamlanib, global masalalardagi roli ortib bormoqda, "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi munosabatlar kuchaymoqda, mintaqa nufuzli xalqaro maydonlarda yagona pozitsiya bilan maydonga chiqmoqda. Formatga Ozarbayjonning qo'shilishi bilan mintaqaning jahon hamjamiyatidagi ovozi yanada salmoqli bo'lishiga ishonch bildirildi", – deyiladi materialda.

"The Diplomatic Insight" tarqatgan maqolada yozilganidek, O'zbekiston raisligi davrida 20 dan ortiq yirik tadbirlar o'tkazildi. Bosh vazir o'rinbosarlari darajasida Hududlararo hamkorlik forumi faoliyati yo'lga qo'yildi, ilk bor mudofaa idoralari, maxsus xizmatlar rahbarlari, shuningdek, geologiya, sanoat, qishloq xo'jaligi, ekologiya va madaniyat vazirlarining yig'ilishlari o'tkazildi. Kuni kecha Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqoti muvaffaqiyatli o'tkazildi.

Davlat rahbari murakkab va oldindan bashorat qilib bo'lmaydigan xalqaro siyosiy jarayonlar sharoitida mintaqa mamlakatlarining hamjihatligi va bir-birini qo'llab-quvvatlashini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

"Ishonchim komilki, bugun biz mintaqamizning Yangi Markaziy Osiyo sifatidagi tarixiy uyg'onish davri ostonasida turibmiz. Biz hamkorligimizning institutsional asoslarini yanada mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga nisbatan tahdidlarga o'zaro muvofiqlashtirilgan javobni ishlab chiqishni o'z oldimizga vazifa qilib qo'yganmiz. Biz uchun hozirning o'zida mintaqamizni bundan 10-20 yildan keyin qanday ko'rishni xohlashimiz bo'yicha aniq tushunchaga ega bo'lish muhimdir", – deya O'zbekiston Prezidenti ma'ruzasidan iqtibos keltirilgan.

Maqolada O'zbekiston rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo'yicha qator tashabbuslarni ilgari surgani alohida qayd etilgan.

"Bugungi uchrashuvlarni mintaqaviy muloqotning maslahatlashuv shaklidan "Markaziy Osiyo hamjamiyati" strategik formatiga aylantirish taklif qilindi. Maslahat uchrashuvlari to'g'risidagi nizomni ishlab chiqish, navbatma-navbat ishlaydigan Kotibiyatni ta'sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga ko'tarish bu boradagi dastlabki qadamlar bo'lishi mumkinligi ta'kidlandi. Shuningdek, O'zbekiston Prezidenti boy hayotiy tajribaga ega, obro'-e'tiborli jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzish tashabbusini ilgari surdi", – deyiladi materialda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish