Logo

"The Economic Times": O'zbekiston iqtisodiyoti izchil sur'atlar bilan o'sib, Hindiston uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

Oktabr 31, 2025. 15:31 • 2 daq

63
"The Economic Times": O'zbekiston iqtisodiyoti izchil sur'atlar bilan o'sib, Hindiston uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

DEHLI, 31-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonning "The Economic Times" gazetasi O'zbekiston iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga yuqori baho berib, hindistonlik investorlar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlar haqida maqola chop etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashr xalqaro sharhlovchisi Dipandjan Chaudhuri O'zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilning yanvar-sentyabr oylari yakunlari bo'yicha 7,6% ga o'sgani hamda bu prognoz ko'rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqori bo'lgani haqida yozgan. O'sish drayverlari sifatida qurilish (+14,2%), xizmat ko'rsatish (+14%), sanoat ishlab chiqarishi (+6,8%) va qishloq xo'jaligi (+4,1%) sohalari qayd etilgan.

Oltin-valyuta zaxiralari 35% ga oshib, $55 milliardga yetgani ta'kidlangan. Muallif buni yetakchi xalqaro reyting agentliklari (Fitch, Moody's, S&P Global) tomonidan mamlakatimiz suveren reytingi bo'yicha prognozning oshirilgani yoki yaxshilangani bilan izohlagan.

Nashr iqtisodiy farovonlikning ijtimoiy yo'naltirilganligiga e'tibor qaratgan. Xususan, aholi daromadlarining 18,4% ga, o'rtacha oylik ish haqining 19,2% ga va depozitlarning 35,3% ga o'sganini e'tirof etgan. Bu aholi va biznesning ishonchini mustahkamlashdagi asosiy omil sifatida baholangan.

Maqolada O'zbekiston rahbariyatining 2025-yil yakunlari bo'yicha yalpi ichki mahsulotni $135 milliarddan oshirish va 2026-yilda uni $150 milliardga yetkazish bo'yicha yuqori o'sish sur'atlarini saqlab qolishga qaratilgan rejalari yoritilgan.

Materialda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaqin istiqbolga belgilab berilgan quyidagi asosiy vazifalar alohida urg'ulangan: barcha tarmoqlarda samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, strategik tarmoqlar raqobatbardoshligini mustahkamlash, byudjet mablag'laridan samarali foydalanish ustidan qat'iy nazorat yuritish, norasmiy iqtisodiyot ulushini kamaytirish, xalqaro moliya institutlari bilan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va boshqalar.

Maqolaning asosiy g'oyasi shundan iboratki, O'zbekiston iqtisodiyotining barqaror o'sishi va hayotga tadbiq etilayotgan izchil islohotlar iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va Hindiston investitsiyalarini jalb qilish uchun qulay zamin yaratmoqda.

Nufuzli xalqaro nashrdagi mazkur maqola O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar kursining muvaffaqiyatli ekanini tasdiqlagan. U nafaqat mamlakatning jahon hamjamiyatidagi ijobiy imijini aks ettirgan, balki xalqaro, xususan, Hindiston ishbilarmon doiralari vakillari uchun respublikaning o'sib borayotgan iqtisodiyotiga sarmoya kiritish borasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida to'g'ridan-to'g'ri urg'u bo'lib xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish