Logo

"World News": O'zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ekologiya va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni faollashtirdi

Noyabr 13, 2025. 20:14 • 2 daq

230
"World News": O'zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ekologiya va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni faollashtirdi

ISLOMOBOD, 13-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning ommabop "World News" elektron nashrida O'zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ekologiya sohasidagi hamkorligiga bag'ishlangan "Markaziy Osiyo davlatlari barqaror rivojlanish yo'lida kuchlarini birlashtirmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"So'nggi yillarda O'zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ekologiya, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirdi. Qo'shma dasturlar, imzolangan bitimlar va ko'p tomonlama tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish va tabiat oldidagi o'zaro mas'uliyat tamoyillariga asoslangan yagona ekologik makonni yaratish uchun poydevor bo'lmoqda", – deyilgan maqola muqaddimasida.

Muallif yozganidek, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi ekologik hamkorlik uzoq tarixga ega bo'lib, mustahkam huquqiy asosda rivojlanmoqda. 2024 yil noyabr oyida kuchga kirgan "Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi hamkorlik to'g'risida"gi Hukumatlararo bitim ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.

Hamkorlikni muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmi – Sirdaryo daryosi havzasida atrof-muhitni muhofaza qilish va suv sifatiga oid masalalar bo'yicha O'zbekiston–Qozog'iston qo'shma ishchi guruhi hisoblanadi. Hamkorlikning muhim yo'nalishlaridan yana biri – biologik xilma-xillikni saqlash. 2024 yilda Samarqandda bo'lib o'tgan Ko'chib yuruvchi turlar to'g'risidagi konvensiya (CMS COP14) doirasida O'zbekiston va Qozog'iston Ustyurt platosining yovvoyi tabiatini asrash bo'yicha hamkorlik to'g'risida memorandum imzoladi. Keyinchalik bu tashabbusga Turkmaniston ham qo'shildi. 2025 yil mart oyida tomonlar 2025–2030 yillar uchun "Harakatlar yo'l xaritasi"ni tasdiqladi.

Maqolada, O'zbekistoning Qirg'iziston bilan tog' ekotizimlariga e'tibor, Tojikiston bilan chegarasiz tabiiy hududlar yaratish, Turkmaniston bilan transchegaraviy aloqalarni mustahkamlash bo'yicha amalga oshirayotgan loyihalari baatfsil yoritilgan.

"O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi ikki tomonlama loyihalar doirasidan chiqib, global tashabbuslarda ham o'z ifodasini topmoqda. Bu jarayon ko'chib yuruvchi yirtqich qushlarni saqlash to'g'risidagi memorandumdan tortib, BMTning iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyalarida mintaqaviy yagona pozitsiyani shakllantirishgacha bo'lgan yo'nalishlarni qamrab oladi", – deb yozgan Pokiston OAV.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish