"il Giornale": Samarqand xalqaro madaniy muloqotning muhim maydoniga aylanmoqda
Noyabr 23, 2025. 13:32 • 2 daq
• 100
RIM, 23-noyabr. /"Dunyo" AA /. Italiyaning "il Giornale" gazetasida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yakunlanlariga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, oradan qirq yildan ziyod vaqt o'tgach, YUNESKO ilk marta Parijdan tashqarida, o'zining eng nufuzli assambleyasini o'tkazish uchun O'zbekistonni tanladi. Shu bilan birga, tadbir YUNESKO tashkil etilganining 80 yilligiga to'g'ri keldi va 190 mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 2800 dan ortiq delegatsiya a'zolarini Samarqandda jamladi.
"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuvdan so'ng o'zining kirish nutqida tadbirni "o'tmish va kelajak o'rtasidagi ko'prik" deb atab, uzoq vaqtdan beri mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy o'zgarishini ifodalash uchun foydalanib kelayotgan "Uchinchi Renessans" tushunchasini yana bir bor tilga oldi. Milliy manfaatlar doirasidan tashqariga chiqqan holda, konferensiya YUNESKO uchun tobora kuchayib borayotgan mojarolar va geosiyosiy raqobat sharoitida muloqot platformasi sifatidagi rolini tasdiqlash imkoniyati bo'ldi", - deyiladi nashrda.
Dastur 150 dan ortiq tadbirlarni o'z ichiga olgan bo'lib, ulardan yigirmadan ortig'i O'zbekiston tomonidan tashkil etilgan, xususan, sun'iy intellekt etikasi sohasidagi tadqiqotlarga bag'ishlangan Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO-O'zbekiston xalqaro mukofotining birinchi taqdirlash marosimi ham shular jumlasidandir.
Qayd etilishicha, O'zbekiston 1993 yildan beri YUNESKO a'zosi bo'lib, Butunjahon merosi ro'yxatida yettita obyekt va Nomoddiy madaniy meros ro'yxatida o'n oltita unsurga ega. Bular orasida Shashmaqom an'anaviy musiqasi hamda Navro'z bayrami ham bor.
"Imperiyalar va madaniyatlar uchrashadigan tarixiy maskan - Samarqandning tanlanishi yanada kengroq geosiyosiy ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo global va mintaqaviy kuchlar o'z ta'sirini kengaytirishga intilayotgan yangi maydonga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, YUNESKO mintaqaga hamkorlik maktubini olib keldi. Bir paytlar imperiyalar poytaxti bo'lgan, bugungi kunda esa global muloqot maydoniga aylangan Samarqand yana sivilizatsiyalar o'rtasidagi uchrashuv va almashinuvning ramziy makoniga aylanmoqda - endi Ipak yo'li karvonlari uchun emas, balki madaniy diplomatiya uchun", - deya yakunlaydi "Il Giornale" gazetasi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi