"Infozakon": O'zbekiston suvdan foydalanish sohasidagi davlat siyosatini zamonaviy sharoitlar va talablarga moslashtirib kelmoqda
Iyun 07, 2024. 15:43 • 2 daq
• 77
OSTONA, 7-iyun. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning ommabop "Infozakon" elektron nashrida mustaqil tadqiqotchi Sanjar Umirzaqovning "O'zbekistonning transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish bo'yicha siyosati" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Infozakon"ning xabar qilishicha, O'zbekistonda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Bu esa o'z navbatida, Markaziy Osiyoda ro'y berayotgan global iqlim o'zgarishi fonida mintaqani asosiy suv bilan ta'minlovchi eng yirik suv arteriyalari Amudaryo va Sirdaryo suvidan havza davlatlari manfaatlarini teng hisobga olgan holda foydalanishni taqozo etadi.
Maqolada qayd etilishicha, O'zbekiston suvdan foydalanish sohasidagi davlat siyosatini zamonaviy sharoitlar va talablarga moslashtirib kelmoqda. O'zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridanoq suvdan foydalanish masalalarini davlat siyosatining muhim yo'nalishi sifatida belgiladi. Birgina, 1993-yil 6-mayda O'zbekiston Respublikasining "Suv va suvdan foydalanish to'g'risida"gi Qonuni qabul qilingan bo'lsa, xalqaro miqyosda mamlakat "Xalqaro ko'llar va transchegaraviy suv arteriyalaridan foydalanish va muhofaza qilish Konvensiyasi" (Xelsinki, 1992-yil 17-mart) hamda BMTning "Xalqaro suv oqimlaridan kema qatnovisiz foydalanish huquqlari to'g'risidagi Konvensiya"lari (Nyu-York 1997-yil 21-mart) a'zosi sifatida mustaqil siyosat yuritib kelmoqda.
Elektron nashrda ta'kidlanganidek, so'ngi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro miqyosdagi tashabbuslari va siyosiy irodasi natijasi o'laroq, O'zbekiston tashqi siyosati yangicha tus oldi. Markaziy Osiyo mintaqasi O'zbekiston tashqi siyosatida eng muhim mintaqa sifatida belgilandi. O'zbekistonning bunday yondashuvi mintaqadagi transchegaraviy suvlardan foydalanish muammolarini tinch yo'l bilan hal etishga ijobiy ta'sir o'tkazdi.
"O'zbekiston transchegaraviy suv va energiya resurslaridan oqilona hamda kompleks foydalanish tarafdori bo'lishi bilan birga, Markaziy Osiyoning ekologik barqarorligiga doimiy ravishda ahamiyat beradi. O'zbekistonning Markaziy Osiyo bo'yicha yondashuvi mintaqada tinchlik, iqtisodiy taraqqiyot va o'zaro manfaatli hamkorlikka ko'maklashishga qaratilgan", – deb yakunlagan "Infozakon".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida