Logo

"Sada al-Balad" AA: O'zbekiston – AQSh oliy ta'lim hamkorligi yangi bosqichga ko'tarilmoqda

Noyabr 12, 2025. 20:46 • 2 daq

21
"Sada al-Balad" AA: O'zbekiston – AQSh oliy ta'lim hamkorligi yangi bosqichga ko'tarilmoqda

QOHIRA, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning mashhur "Sada al-Balad" axborot agentligida O'zbekiston oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipovning "O'zbekiston–AQSh oliy ta'lim hamkorligida yangi bosqich: C5+1 formati imkoniyatlari va istiqbollari" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada muallif O'zbekistonning AQSh bilan hamkorligini keng qamrovda tahlil qilib, ushbu sheriklik aloqalari milliy ta'lim tizimi, ilmiy salohiyat va boy madaniy merosni jahon intellektual makoniga integratsiya qilishda asosiy element bo'layotganini ta'kidlagan. Bu jarayonda hamkorlik, ayniqsa, oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar sohalarida, yangi bosqichga ko'tarilmoqda.

Shuningdek, Markaziy Osiyo va AQSh o'rtasidagi S5+1 formati mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda. Ushbu format doirasida O'zbekistonning Amerika oliygohlari bilan o'zaro hamkorligi nafaqat ta'lim sohasi, balki fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida ham amaliy samara bera boshladi.

O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi hamkorlikning ilk yo'nalishlaridan biri – ingliz tilini chuqur o'rgatish va zamonaviy pedagogik tajribani joriy etishdir. Har yili AQSh universitetlaridan o'nlab tajribali o'qituvchilar mamlakatimiz oliygohlariga tashrif buyurib, "Fulbright", "English Language Fellows Program", "English Teaching Assistants" kabi dasturlar orqali mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda faoliyat yuritmoqda.

Yana maqolada aytilishicha, AQSh davlat departamenti qo'llab-quvvatlayotgan "ACCESS" dasturi doirasida O'zbekistonda kam ta'minlangan oilalar farzandlariga ingliz tilini ikki yillik chuqur o'rgatish imkoniyati yaratilgan. Hozirgi vaqtda ushbu markazlar 11 ta universitet qoshida samarali ishlamoqda. Dastur uchun har bir markazga 30–50 ming dollar atrofida grant ajratiladi, bu mablag'lar o'quv qo'llanmalar, o'qituvchi maoshi, o'quvchilar uchun interaktiv ekskursiyalar va boshqa xarajatlarga yo'naltiriladi.

AQSh elchixonasi qoshidagi "EducationUSA" dasturi O'zbekiston yoshlariga Amerika oliygohlarida ta'lim olish, grant va stipendiya dasturlariga qatnashish imkoniyatlarini ochib bermoqda. Elchixona xodimlari mamlakatimiz universitetlariga tashrif buyurib, talabalar uchun amaliy seminarlar o'tkazmoqda.

"Bugun mamlakatimizda 40 dan ziyod oliy ta'lim muassasasi 25 dan ortiq amerikalik universitetlar va ilmiy markazlar bilan memorandum asosida ishlamoqda. Ular doirasida professorlar malakasini oshirish kurslari, ilmiy tadqiqotlar, qo'shma konferensiyalar va tajriba almashinuvi yo'lga qo'yilgan. O'zbekiston–AQSh oliy ta'lim hamkorligi, ayniqsa S5+1 formati doirasidagi tashabbuslar, kelgusida yangi bosqichga ko'tarilishi tabiiy. Bu – ikki xalq o'rtasidagi do'stlik va ishonchni mustahkamlaydigan, yoshlar salohiyatini ochib beradigan va innovatsion rivojlanishni jadallashtiradigan yo'nalishdir", deya xulosa qilgan maqola muallifi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish