"Al Harir": O'zbekiston–Qatar hamkorligi barqaror rivojlanmoqda
Noyabr 04, 2025. 12:18 • 2 daq
• 42
AR-RIYOZ, 4-noyabr. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining mashhur "Al Harir" nashrida "O'zbekiston–Qatar: ko'p qirrali hamkorlik barqaror rivojlanmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada ta'kidlanishicha, so'nggi yillarda O'zbekiston va Qatar o'rtasidagi munosabatlar jadal kengayib bormoqda. Xususan, 2024-yilda ikki davlat o'rtasidagi aloqalar strategik sheriklik maqomiga ko'tarildi. Bunday faol muloqotning rivojlanishi munosabatlarni har jihatdan kengaytirishga zamin yaratmoqda.
"O'zbekiston va Qatar Markaziy Osiyoni Ko'rfaz arab mamlakatlari bilan bog'lovchi eng qisqa, ishonchli va xavfsiz transport-logistika yo'laklarini shakllantirishdan manfaatdor, – deyilgan manbada. – Shu bilan birga, ikki davlatning tarixi, madaniyati va diniy mushtarakligi, boy ma'naviy merosi madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilmoqda".
"Al Harir" nashrida qayt etilishicha, Qatar O'zbekiston hududida yashab ijod qilgan buyuk mutafakkir va olimlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasini, Arabiston yarim oroli va Movarounnahr o'rtasidagi tarixiy aloqalarni yuksak qadrlaydi. Ushbu jihatlar madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirib, sayyohlik, jumladan, ziyorat turizmi sohasida keng ko'lamdagi islohotlar amalga oshirilmoqda.
2021-yildan Qatar fuqarolarining O'zbekistonga kirishi uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etildi, 2023-yilda esa bu muddat 30 kungacha uzaytirildi. Bu esa o'z navbatida mamlakatimizga ishbilarmonlik va turizm maqsadlarida tashrif buyuruvchilar soning bir necha barobar ortishiga zamin yaratmoqda.
Nashrda ikki davlat o'rtasidagi havo transporti yo'nalishida olib borayotgan ishlar xususida ham to'xtalib o'tilgan. Jumladan, ikki tomonlama imzolangan kelishuvga binoan 2024-yildan "Qatar airways" aviakompaniyasi Doha–Toshkent–Doha yo'nalishida to'g'ridan-to'g'ri qatnovlarni yo'lga qo'ydi. Bugungi kunda aviakompaniya mazkur yo'nalishda haftasiga 4 marotaba qatnovlarni amalga oshirmoqda.
Mazkur bitim nafaqat poytaxtlar balki respublikaning boshqa hududlari bilan ham to'g'ridan-to'g'ri qatnovlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Kelgusida "Qatar airways" aviakompaniyasi yo'lovchilar talab va istaklaridan kelib chiqib, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turistik manzillarga ham reyslarni yo'lga qo'yishni rejalashtirgan.
Shuningdek, O'zbekiston va Qatar hukumatlari o'rtasida havo qatnovi to'g'risida 2021-yilda imzolangan bitimga muvofiq "My Freighter" (Centrum Air) aviakompaniyasi Toshkent–Doha–Toshkent yo'nalishida muntazam havo qatnovlarini tashkil etmoqda.
Maqola xulosa qismida O'zbekiston va Qatar o'rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora ortib borayotgani ta'kidlangan. Bu esa, shubhasiz, o'zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish uchun ikki tomonlama munosabatlar poydevorini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda