Logo

Kuvaytda O'zbekiston mahsulotlarining mintaqaviy markazi tashkil etiladi

Avgust 14, 2025. 10:48 • 2 daq

71
Kuvaytda O'zbekiston mahsulotlarining mintaqaviy markazi tashkil etiladi

AL-KUVAYT, 13-avgust. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Arab Times" kunlik gazetasi "Toshkent Kuvayt bilan strategik aloqalarni mustahkamlaydi" sarlavha ostida O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov bilan suhbat chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Intervyuda O'zbekiston-Kuvayt munosabatlari so'nggi ikki yil ichida faol rivojlanib, yangi model shakllangani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil fevral oyidagi Kuvaytga bo'lgan tarixiy rasmiy tashrifi bilan yanada mustahkamlangani ta'kidlangan.

"Ushbu tashrif yakunida savdo, sarmoya, energetika, infratuzilma, transport, turizm, sog'liqni saqlash, madaniyat sohalarida 9 ta bitim va anglashuv memorandumlari imzolandi", – degan yurtimiz elchisi.

Suhbat chog'ida Kuvaytda O'zbekiston mahsulotlarining mintaqaviy markazini tashkil etish loyihasi haqida batafsil ma'lumot berilgan. "Markaz O'zbekiston mahsulotlarini sotish va Kuvayt orqali Ko'rfaz arab davlatlari bozorlariga eksport qilish uchun darvoza bo'lib xizmat qiladi. Birinchi bosqichda asosiy e'tibor o'zbek to'qimachilik mahsulotlariga qaratiladi. Chunki ularning yuqori sifati tufayli unga nisbatan mintaqada talab ortib bormoqda", – deya qayd etgan O'zbekiston rasmiy vakili.

Ta'kidlanganidek, elchixona tomonidan Kuvayt Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda 2024-2025-yillarda qator biznes-forumlar tashkil etildi. Buning natijasida ikki davlat kompaniyalari o'rtasida savdo shartnomalari imzolandi. Kuvayt bozoriga O'zbekistonning yangi qishloq xo'jaligi mahsulotlari, jumladan, go'sht va shirinliklardan tashqari gilos, shaftoli, o'rik, tarvuz, qovun, limon kabi mahsulotlar eksport qilindi. Kuvayt iste'molchilarining ushbu mahsulotlarga qiziqishi ortib bormoqda va Elchixona savdo hamkorligini kengaytirishni qo'llab-quvvatlashda davom etmoqda.

"2024-2025-yillarda Kuvaytda ikki marotaba o'tkazilgan "Made in Uzbekistan" ko'rgazmasidan tashqari to'rtta biznes-forum tashkil etildi. Ushbu tadbirlar ikki davlat ishbilarmonlari o'rtasida "B2B" uchrashuvlarini o'tkazish, hamkorlikning istiqbolli imkoniyatlarini aniqlash imkonini berdi. Kuvayt import kompaniyalari O'zbekistondan ho'l va quritilgan mevalar, go'sht mahsulotlari va shirinliklar olib kirishga katta qiziqish bildirmoqda. Masalan, 2024-yilda Kuvaytga ilk bor 20 tonnadan ortiq o'zbek mevalari eksport qilingan bo'lsa, joriy yilda bu ko'rsatkich ortib ketishi kutilmoqda",– deyilgan suhbatda.

Shuningdek, intervyuda O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi madaniy hamkorlikka e'tibor qaratilgan. 

"Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash doirasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 17-fevral kuni Kuvaytga bo'lgan rasmiy tashrifi chog'ida "San'at va madaniyat sohalarida hamkorlik to'g'risida hukumatlararo bitim" imzolandi. Bundan tashqari, 2025 yilning mart oyida O'zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Kuvaytga tashrif buyurib, muzeylarni boshqarish tajribasi bilan yaqindan tanishdi. 2025 yilning 12 may kuni esa Kuvaytda bo'lib o'tgan Osiyo Olimpiya kengashi Bosh assambleyasining 45-yig'ilishi doirasida O'zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov boshchiligidagi o'zbek "Maqom" ansamblining konserti tashkil etildi", – deb ta'kidlagan elchi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish