"Berliner Zeitung": O'zbekiston va YI o'rtasida Markaziy Osiyo uchun ko'prik bo'lgan muhim yangi strategik sheriklik bitimi imzolandi
Oktabr 27, 2025. 11:19 • 3 daq
• 57
BERLIN, 29-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning yetakchi "Berliner Zeitung" gazetasi onlayn nashrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga rasmiy tashrifi yakunlari va O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimning ahamiyati haqida maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, davlatimiz rahbarining Belgiyaga rasmiy tashrifi YI va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlarda muhim tarixiy bosqichni boshlab berdi.
"Bryussel shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitimning imzolash marosimi bo'lib o'tdi.Mazkur bitim mamlakatlar o'rtasidagi barcha sohalardagi hamkorlik uchun keng qamrovli huquqiy asos yaratadi", –deyilgan nashrda.
Qayd etilishicha, rasmiy Bryussel va Toshkent o'rtasida imzolangan yangi bitim savdo va investitsiya aloqalarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari o'rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu muhim tarixiy hujjat 9ta bo'lim, 356ta modda va 14ta ilovadan iborat bo'lib, ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha jabhalarini qamrab olgan. Unga ko'ra, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta'lim, innovatsiyalar hamda atrof-muhit va iqlim o'zgarishi sohalarida yaqindan hamkorlik qilish ko'zda tutilgan. Bitim bo'yicha muzokaralar jarayoni uch yildan ortiq davom etdi. 1996-yilda YI bilan Sheriklik va hamkorlik bitimi imzolangan edi, – deya eslatib o'tadi muallif Nikolas Butilin maqolasida.
Shuningdek, maqolada YI va O'zbekiston o'rtasida yangi Bitim imzolanganidan ko'p o'tmay Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashgani alohida urg'ulangan.
Nashrda rasmiy tashrif doirasida O'zbekiston Prezidenti "Linde", "SUEZ", "Commerzbank" va "European Investment Bank" kabi bir qator Yevropaning yirik kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o'tkazgani haqida ma'lumot berilgan. Ushbu uchrashuvlar iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash va O'zbekistonni Markaziy Osiyoda ishonchli Yevropa Ittifoqi hamkori sifatida namoyon etishga xizmat qildi.
"Mazkur bitimning imzolanishi YIning Markaziy Osiyodagi faolligi oshgan bir paytda amalga oshirilganini qayd etish lozim. Joriy yil bahorida Samarqandda bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitida mintaqaning strategik ahamiyati yana bir bor ta'kidlanib, uzviy siyosiy va iqtisodiy aloqalarni yo'lga qo'yish uchun ikki tomonlama poydevor yaratilgan edi. Ayni paytda barqaror energiya, infratuzilma loyihalari, transport yo'laklari, xom ashyo resurslari va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratilmoqda", – deya urg'ulangan nashrda.
"Berliner Zeitung" gazetasi maqolasi yakunida, "Rasmiy Toshkent bilan tuzilgan yangi bitim Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan O'zbekiston bilan uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlash strategiyasining bir qismidir. Bitimni imzolash orqali Yevropa Ittifoqi O'zbekiston va Markaziy Osiyo bilan munosabatlarini strategik jihatdan mustahkamlash yo'lida muhim qadam tashladi", – deb yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda