Logo

"Eurasia Magazine": O'zbekistonda bolalar zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilinadi

Iyun 23, 2025. 07:06 • 2 daq

60
"Eurasia Magazine": O'zbekistonda bolalar zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilinadi

BUDAPESHT, 23-iyun. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning "Eurasia Magazine" jurnalida O'zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda qayd etilganidek, O'zbekiston BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyasiga 1992-yilda qo'shilgan va 1994-yilda uni ratifikatsiya qilgan. Shundan buyon mamlakatda har bir bola uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.

"Joriy yilning 15-may kuni O'zbekistonda "Bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to'g'risida"gi Qonun kuchga kirdi. Bu esa bolalarni himoya qilish davlat tizimini huquqiy va institutsional rivojlantirishda burilish nuqtasi bo'ldi, – deyiladi maqolada. – Qabul qilingan qonun voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning yaxlit milliy tizimini shakllantirish yo'lidagi muhim bosqich bo'ldi".

Materialda yangi qonunning muhim elementi bolani himoya qilish uchun mas'ul bo'lgan subyektlar doirasini kengaytirish ekanligi alohida ta'kidlangan. Agar ilgari asosiy mas'uliyat ota-onalar va vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklangan bo'lsa, endilikda ta'lim, tibbiyot va huquqni muhofaza qilish muassasalari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari bu sohada qonunchilik bilan shug'ullanmoqda.

"Eurasia Magazine" jurnalida bosilgan maqola "Qonun nafaqat himoya mexanizmlarini mustahkamlabgina qolmay, balki ularni jamiyatning kengroq ijtimoiy-madaniy va axloqiy kontekstiga integratsiyalashgan. Bu har bir bola nafaqat himoya qilinadigan, balki huquqning to'laqonli subyekti sifatida eshitiladigan, e'tirof etiladigan va hurmat qilinadigan kelajak sari muhim qadamdir", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish