"London Post": Samarqandda YUNESKO sessiyasining o'tkazilishi O'zbekistonning jahon madaniyati va ta'limi rivojiga qo'shgan hissasiga berilgan munosib baho
Oktabr 27, 2025. 18:50 • 2 daq
• 74
LONDON, 29-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning "London Post" nashrida YUNESKOning O'zbekiston bilan munosabatlari va mazkur tashkilotning Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan 43-sessiyasi haqida ma'qola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada O'zbekiston va YUNESKO o'rtasidagi munosabatlar, hamkorlikning yangi bosqichi va 2025-yilda Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan 43-sessiya haqida so'z yuritilgan.
"YUNESKO – bu bilim, fan va madaniyat orqali dunyo xalqlarini birlashtirishga intiluvchi nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi – ta'lim tizimlarini rivojlantirish, madaniy merosni muhofaza qilish va jahonda tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashdir", –deyilgan manbada.
1945-yilda ta'sis etilgan ushbu tashkilotga O'zbekiston 1993-yilda a'zo bo'lgan. 1996-yildan buyon esa Toshkentda YUNESKOning vakolatxonasi faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Bugungi kunda O'zbekistonning yettita obyekti YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Ular qatorida Xivadagi Ichan-Qal'a majmuasi, Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, Samarqand — madaniyatlar chorrahasi va boshqalar bor.
"YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga o'zbek xalqining 16 ta an'anaviy madaniy unsuri kiritilgan, ularning 11 tasi 2016-yildan keyin qo'shilgan. Ular orasida Shashmaqom, Boysun madaniy makoni, Askiya san'ati, Lazgi, Baxshichilik san'ati, an'anaviy ipak ishlab chiqarish singari borligi ta'kidlangan. Hozirgi vaqtda YUNESKOga kiritish uchun "Kashtachilik san'ati", "An'anaviy kiyiz yasash", "O'zbek kurashi" singari yangi elementlar taqdim etilgan", – deb yozgan muallif.
Nashrda O'zbekiston 2022-yilda ilk bor YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo'yicha Xukumatlararo qo'mitasi a'zoligiga saylangani ham katta yutuq sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, nashrda ta'kidlanishicha, YUNESKO bilan hamkorlikda O'zbekistonda qator muhim madaniy va ilm-fan tadbirlari tashkil etilgan. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Amir Temur va boshqa ulug' ajdodlarimizning yubileylari, Xiva, Buxoro, Termiz shaharlarinnig 2500 yillik tantanalari keng nishonlangan. "Sharq taronalari", "Makom san'ati", "Baxshichilik san'ati" va hunarmandchilik festivallari o'tkazilayotgani ham madaniy hamkorlikning yorqin namunasi hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda O'zbekiston YUNESKOning 10 ta xalqaro konvensiyasiga qo'shilgan. 2023-yilda yana bir muhim voqea ro'y berdi — YUNESKO – O'zbekiston nomidagi Abu Rayhon Beruniy xalqaro mukofoti ta'sis etildi. U sun'iy intellekt sohasida etika orqali ilmiy muloqotni rag'batlantirishga qaratilgan bo'lib, YUNESKO bilan hamkorlikda taqdim etiladi.
"Samarqandda YUNESKO sessiyasining o'tkazilishi O'zbekistonning jahon madaniyati va ta'limi rivojiga qo'shgan hissasiga berilgan munosib e'tirof bo'lib, mamlakatimiz yana bir bor dunyo ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri ekanini isbotlaydi", – deyilgan maqola oxirida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
Kuvayt OAV: O‘zbekiston turistlar uchun jozibali mamlakatga aylanmoqda