Logo

"Sarkaritel": Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi bo'lib o'tadi

Aprel 24, 2024. 07:52 • 2 daq

185
"Sarkaritel": Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi bo'lib o'tadi

DЕHLI, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Hindistonning "Sarkaritel" axborot portalida joriy yil may oyida Samarqand shahrida Osiyo xotin-qizlari forumi bo'lib o'tishi haqidagi maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.



Materialda xalqaro anjuman xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv mavzusiga bag'ishlangani ma’lum qilingan.

Portal o'quvchilari e’tibori mazkur forumni o'tkazish tashabbusi O'zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida ilgari surilganiga qaratilgan.

Qadimiy Samarqandga Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining a’zolari, hukumatlari rahbarlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda.

Forum ishtirokchilari xotin-qizlarning fan, ta’lim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag'allikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qilishi urg'ulangan.

Shuningdek, "yashil" iqtisodiyotni targ'ib qilish, iqlim o'zgarishining mintaqadagi gender muammolarga ta’siri masalasida hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilg'or tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham ko'rib chiqilishi qayd etilgan.

"Forum yakunida Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan", deb yakunlangan "Sarkaritel" materiali.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish